Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.09.2017 14:17 Chop etish versiyasi

Joriy yilning birinchi yarmida Jizzax viloyatida 2 yangi mehmonxona, 2 sanatoriy, 10 dan ortiq uy-mehmonxonalar ishga tushirildi

Bugungi kunda turizm aksariyat mamlakatlarda milliy iqtisodiyotga salmoqli daromad keltiruvchi sohalardan biri hisoblanadi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur soha daromadi yiliga bir necha trillion dollarni tashkil etadi.

Turizm va turistik xizmatlar tobora rivojlanib borishi natijasida so‘nggi yillarda uning bir necha noan’anaviy turlari – ekoturizm, agroturizm, arxeologik, etnografik, ekstremal sharoitlar turizmi va boshqalar shakllana boshladiki, bugungi kunda ushbu yo‘nalishlar mutaxassislar tomonidan tez taraqqiy qilayotgan sohalar sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, sayyohlikning eng istiqbolli turlaridan biri – ekoturizm jadal rivojlanmoqda.

Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Jizzax viloyatida ham turizm, ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2016-yili viloyatga 23 mingdan ortiq mahalliy va 4 mingdan ziyod xorijlik sayyohlar tashrif buyurgan. Joriy yilning birinchi yarmida xorijlik sayyohlar soni 3 mingdan oshdi. Ularning aksariyati tabiat ishqibozlari – ekoturistlardir.

Ekoturizm boshqa sohalardan farqli o‘laroq, katta xarajat talab etmaydigan, ammo yaxshi daromad keltiradigan biznes ekani ma’lum. Biznesning bu turini rivojlantirishda Turkiston tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan Zomin, Baxmal, Forish, G‘allaorol tumanlari, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida keng imkoniyatlar mavjud.

– Ekoturizm jahon miqyosida sayyohlikning eng jozibador turiga aylanib borayotir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Jizzax viloyatidagi vakili L.Sanayeva. – Ekosayyohlar oqimining ko‘payishi qishloq hududlari aholisi farovonligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu jihat hisobga olinib, viloyatda 2017-2021-yillarda turizmni rivojlantirish dasturida zamonaviy ekoturizm infratuzilmasini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu dastur asosida joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 2 yangi mehmonxona, 2 sanatoriy, 10 dan ortiq uy-mehmonxonalar ishga tushirildi. Yangi turistik yo‘nalishlar ochilmoqda.

Boy nabotot va hayvonot dunyosi, xushmanzara archazor tog‘lari bilan mashhur Zomin tumaniga xorijlik sayyohlarning qiziqishi katta. Turkiston tog‘ tizmalari bag‘ridagi noyob ekotizimga ega bo‘lgan "Zomin" xalq parki, "Zomin" qo‘riqxonasi, Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida yovvoyi o‘simliklarning 700 dan ziyod turi, kam uchraydigan va noyob yovvoyi hayvonlarning 150 turi mavjud. O‘riklisoy sharsharasi, 1000 yoshli Boboyong‘oq kabi tabiat yodgorliklari nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Qadimiy tarixiy manbalarda tilga olingan Zominda xalqimizning uzoq o‘tmishi bilan bog‘liq ko‘plab yodgorliklar saqlanib qolgan. Tumanda sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida yangi inshootlar, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari barpo etish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda Zomin dam olish zonasida 370 va 160 o‘rinli 2 yangi sanatoriy qurilib, ishga tushirildi. Hududdagi O‘riklisoy, Hulkar, Usmonlisoy, Peshag‘or qishloqlarida sayyohlar uchun uy-mehmonxonalar faoliyat yuritmoqda. Yaqinda tumanda yana ikkita shunday uy-mehmonxona faoliyat boshladi.

Forish tumanining musaffo tog‘ suvi, yam-yashil bog‘lari, ekologik toza mevalari sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda. Uyda tayyorlanayotgan tandir non, qatiq, ayron, qimiz, saryog‘ kabi hududga xos milliy mahsulotlar xorijliklarga manzur bo‘layotir.

Tumanda o‘ndan ziyod uy-mehmonxona sayyohlar xizmatida. Joriy yilda yana ikkita shunday mehmonxona ishga tushirildi. Tegishli sertifikatga ega uylarda xorijlik mehmonlar talabiga javob beradigan barcha sharoit yaratilgan.

Yuqori Uxum qishlog‘ida peshtoqiga “Guest house” degan lavha yozilgan uy-mehmonxona Sharipovlar oilasiga tegishli. Xonadon sohibi Rahmon turmush o‘rtog‘i Nigina bilan xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan birga, o‘zlari ham yaxshigina daromad qilmoqda.

– Toshkent, Samarqand shaharlarida bo‘ldim, – deydi angliyalik sayyoh Charli Tomas. – Qishloq hayotini yaxshi ko‘raman. Bu yerda barcha narsaning tabiiyligi menga yoqdi. Rahmon va uning oilasining mehmondo‘stligidan mamnunman. O‘zbekiston ajoyib yurt ekan. Ayniqsa, xalqingizning turmush tarzi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bunday tabiiylikni boshqa hududlarda uchratish qiyin.

Uxum, Asraf, Ko‘hna Forish qishloqlarida ham barcha qulayliklarga ega 9 shunday uy-mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Ular hudud tabiati bilan tanishish maqsadida kelgan sayyohlar yashashi uchun juda qulay.

Qizilqum cho‘li va Nurota tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi yurtimiz hayvonat va nabotot olamining noyob turlarini saqlab kelayotgan tabiiy hududlardan biri sifatida ekoturizm manzillari ro‘yxatida alohida o‘rin tutadi.

Ko‘l sohilida, Forish tumani Qizilqum qishlog‘ida qurib bitkazilgan 20 o‘rinli kempingda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani hududda ekoturizmni rivojlantirishdagi muhim ishlardan biri bo‘ldi. Kempinglar yonida yana shuncha sayyoh dam olishiga mo‘ljallangan o‘tov-mehmonxonalar ishlab turibdi. Ushbu sayyohlik maskanlarida dam olib, Qizilqumning o‘ziga xos tabiati bilan tanishish, ov bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgan.

“Oxus traver” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilgan 1 ming 250 gektarlik, "Egizbuloq" qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi “Jizzaxtog‘konkimyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 573 gektarlik dam olish maskanlarida ham sayyohlar va ov ishqibozlari uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Bu ishlarni hududda ekoturizmni rivojlantirish borasidagi dastlabki qadamlar, deyish mumkin. Tadbirkorlar mamlakatimizning yetakchi turoperatorlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar ustida ish olib bormoqda. Loyihalarda turistik manzillarni kengaytirish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan tortib atrof-muhitni muhofaza qilishgacha qamrab olinayotir. Loyihalar doirasida seminar o‘tkazilib, gidlar, uy-mehmonxonalar sohiblarining o‘qishlari tashkil etilmoqda.

Ekosayyohlik nafaqat tabiat qo‘ynida sayr qilish, ayni paytda mahalliy aholi, uning turmush tarzi bilan tanishish imkoniyati hamdir. Binobarin, bu yo‘nalishdagi loyihalar orasida tabiatni muhofaza qilish, mahalliy aholi turmushi, urf-odat va an’analarini, og‘zaki ijodi namunalarini o‘rganish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish asosiy maqsad sifatida amalga oshirilmoqda. Aholi faol ishtirok etayotgan bu ishlarning muhim jihati – joylarda aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qilayotganidir.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
5 780






Все о погоде - Pogoda.uz