O‘zA O`zbek

11.04.2019 21:27 Chop etish versiyasi

To‘qimachilik mahsulotlarida salomatlikka zarar yetkazadigan moddalar bormi?

To‘qimachilik mahsulotlarida salomatlikka zarar yetkazadigan moddalar bormi?

Jizzax viloyatida joriy yil 87 ta korxonada ISO 9001-2015 xalqaro standartiga muvofiq sifat menejmenti tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimini yanada rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirish, korxonalar eksport saloxiyatini yuksaltirishga qaratilgan aniq tadbirlar amalga oshirilayotir. Jumladan, amaldagi standartlarning xalqaro normalar bilan uyg‘unlashuv darajasi uch yilda 47 foizga yetkazilishi ta'minlanishi, joriy yilning o‘zida 12 ta texnik reglament ishlab chiqilishi mo‘ljallangan.

Ayni paytda “JIZZAX AGRI TRADE” mas'uliyati cheklangan jamiyatining mosh mahsulotiga xalqaro Global GAP standartini joriy qilish, to‘qimachilik mahsulotlarida inson salomatligi uchun zararli hisoblangan moddalar miqdorini aniqlash, ularni sanoatda qo‘llanilishini cheklash maqsadida kimyoviy laboratoriya tashkil etish ishlari olib borilayotir. Shu maqsadda “Paxtakor teks, “Jizzax Textile”, “Mirzachul teks”, “Orzu tekstil SV”, “Jizzax kenteks”, “Toshtepa tekstil”, “Nargiza teks”, “Zarista teks” kabi yirik to‘qimachilik korxonalariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida malakali mutaxassislar biriktirilgan.

“Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida “Mahsulotlar ishlab chiqarishda xalqaro standartlashtirishning ahamiyati” mavzusida o‘tkazilgan respublika seminarida shular haqida batafsil ma'lumot berildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Materialshunoslik, Polimerlar kimyosi va fizikasi, Toshkent kimyo-texnologiya institutlari olimlari, Jizzax sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi, viloyatdagi yirik korxonalar mutaxassislari, tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda yangi investitsiya loyihalarini, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishda xalqaro sifat standartlarini qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

– Barcha turdagi mahsulotlarning yuqori sifatli va inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishini ta'minlash bugungi kunda eng dolzarb vazifa bo‘lib turibdi, – deydi Jizzax sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi rahbari A.Xolmirzayev. – Keyingi yillarda viloyatda ishlab chiqarishi keskin rivojlanayotgani tufayli mahsulot sifatini nazorat qilish ham yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Ayni paytda standartlashtirish sohasida ilm-fanda erishilayotgan yutuqlarni, innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llash, zamonaviy o‘lchash vositalari bilan ta'minlangan sinov laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bois ushbu tadbir amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.

T.Beknazarov, O‘zA
1 127