Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

30.11.2017 21:35 Chop etish versiyasi

Telekommunikatsiya texnologiyalari muhokama qilindi

Poytaxtimizda Xalqaro elektr aloqa ittifoqi bilan hamkorlikda ishlash va uyushmaga a’zo davlatlar uchun yaratilgan sharoitlarga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalqaro elektr aloqa ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Niderlandiya va Rossiyadan olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminarda ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv sharoitida axborot texnologiyalari samaradorligini oshirishning yangi innovatsion uslublarini izlash, axborotlashtirish jarayoniga har tomonlama ko‘maklashish, axborot texnologiyalarini jamiyatimizning barcha sohalariga keng joriy etish har bir mamlakat faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Davlat va jamoat boshqaruvi, biznes, fuqarolik jamiyati kommunikatsiyalarining samarali ishlashi ushbu sohalarni axborotlashtirish darajasi, ularga zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilganlik darajasi bilan chambarchas bog‘liq.

BMTning ixtisoslashgan muassasasi sifatida Xalqaro elektr aloqa ittifoqining asosiy faoliyati turli kommunikatsiyalarni takomillashtirish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari sohasidagi standartlarni ishlab chiqish, mamlakatlarga zarur texnik yordam ko‘rsatish, yangi texnologiyalar afzalliklarini ommalashtirishga ko‘maklashish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Mintaqaviy seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimiz va xorijiy mutaxassislar, ittifoqning yetakchi ekspertlari ishtirokida telekommunikatsiyalar sohasida tajriba va fikr almashish, axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy yo‘nalishlarni muhokama etishdan iborat.

Seminar ishi Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tomonidan oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga taqdim etilayotgan imkoniyatlar, uyushmaning Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi faoliyati kabi mavzularni qamrab olgan beshta sessiya doirasida olib borildi.

Tadbir doirasida davra suhbati tashkil etildi. Unda mazkur xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilishda turli mamlakatlar tajribasi va mintaqada texnologiyalarni rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi.

– Biz ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston bilan telekommunikatsiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilamiz, – deydi Xalqaro elektr aloqa ittifoqining MDH mamlakatlari uchun mintaqaviy bo‘limi dasturi koordinatori Farid Naxli. – Ushbu seminar telekommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishda muhim masalalarni muhokama qilish hamda sohadagi yirik loyihalarni amalga oshirishda turli mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun qator davlatlarning turli soha mutaxassislari va olimlarini to‘plash imkonini berdi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
1 140






Все о погоде - Pogoda.uz