O‘zA O`zbek

24.11.2017 18:22 Chop etish versiyasi

Talabalar uchun “Microsoft”dan bepul dasturiy ta’minot

“Microsoft” korporatsiyasi vakillari Toshkentdagi Inha universiteti ma’muriyatiga “Microsoft Imagine” dasturining 1000 vaucherini topshirdi. Bu vaucherlar universitet talabalariga “Microsoft” korporatsiyasi tomonidan yaratilgan dasturiy ta’minotni loyihalashtirish va ishlab chiqish vositalaridan bepul foydalanish imkoniyatini beradi.

Mazkur tashabbus doirasida universitet talabalari “Windows” operatsion tizimi, shuningdek, “Microsoft” kompaniyasining “Azure”, “Visual Studio”, “SQL Server” va “Xamarin” kabi ishlanmalaridan bepul foydalanishi mumkin. Shuningdek, u o‘quvchilarga o‘z bilimini boyitish va ko‘nikmasini oshirishga xizmat qiluvchi onlayn resurslar va amaliy treninglardan foydalanish imkonini yaratadi.

Joriy yilda Toshkentdagi Inha universitetida “Microsoft” korporatsiyasining o‘quv xonalari ochilgan edi. Xona eng zamonaviy dasturiy ta’minotga ega kompyuter uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, nafaqat talabalar, balki eng so‘nggi operatsion tizim va ofis dasturlari bilan ishlash ko‘nikmasini egallash istagidagi davlat tashkilotlari xodimlari uchun ham ixtisoslashtirilgan kurslar, seminar va mahorat darslari o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Universitet talabalari dasturiy ta’minot sohasidagi innovatsion ishlanmalar, eng ommabop operatsion tizim va ofis dasturlari arxitekturasini o‘rganish imkonini beruvchi “Microsoft Imagine Academy” ta’lim resursi imkoniyatlaridan muvaffaqiyatli foydalanmoqda.

Roman Bondarchuk, O‘zA
22 624