O‘zA O`zbek

09.05.2019 10:29 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistondagi ilk ilmiy loyihalar akseleratorining finali boʻlib oʻtdi

Oʻzbekistondagi ilk ilmiy loyihalar akseleratorining finali boʻlib oʻtdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida ilmiy loyihalar akseleratori – C.A.T. Science Accelerator finali boʻlib oʻtdi.

Tadbir ochilishida soʻzga chiqqan innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarovning taʼkidlashicha, bugungi kunda mamlakatimizda samarali startap-ekotizimini yaratish juda muhim boʻlib, uning rivojlanishida akselerator va inkubatorlar, shuningdek, venchur fondlar muhim oʻrin tutadi.

– Oʻzbekistonda startap harakati shakllanishi bilan turli dastur va tanlovlar ham ommalashmoqda, – dedi A.Nazarov. – Startaplarning aksariyati IT sohasi bilan bogʻliq boʻlib, shu paytgacha ilmiy yoʻnalishdagi mutaxassis va yosh jamoalar bir chetda qolib ketayotgan edi. Negaki, ularning loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zamonaviy laboratoriyalar kerak, zarur materiallar ham ancha mablagʻni talab etadi. Shu bilan birga, jahon tajribasining koʻrsatishicha, tabiiy fanlar sohasidagi yuqori texnologik startaplar eng daromadli va tez oʻsuvchi segment boʻlib qolmoqda. Bu oʻrinda Ilgʻor texnologiyalar markazi negizida ilmiy startaplar uchun akselerator tashkil etish tashabbusi juda oʻrinlidir. Aytishim lozimki, ushbu tashabbus 2018 yilning iyul oyida davlatimiz rahbariyati tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi. Bugun akseleratorning ilk qaldirgʻochlari mehnat mahsulini koʻrishdan mamnun boʻlamiz.

– Markazimiz 2018 yilning aprel oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tarkibiga oʻtdi. Shunda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi masalasi koʻtarildi, – deydi Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova. – Bir tomondan ilmiy markazimiz, ikkinchi tomondan Talabalar shaharchasi hududida joylashganimiz uchun akseleratsiya ilmiy loyihasini yaratishga qaror qildik. Shunday qilib, markazimizda yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun mavjud infratuzilma, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan holda innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilindi. 2018 yilning sentyabr oyida akseleratorimiz oʻz ishini boshladi. Unga 130 ariza tushib, ulardan 28 loyiha tanlab olindi. Akselerator ishining olti oyi davomida finalgacha 17 jamoa qoldi.

photo5375424361953077871.jpg

Akselerator direktori Vladimir Soyning taʼkidlashicha, akselerator faoliyati davomida jamoalar turli seminar va treninglarda ishtirok etib, biznes asoslari, soliqqa tortish tizimi, biznes-rejalashtirish, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli, investorlar oldida chiqish uchun prezentatsiya tuzish asoslari kabi mavzularda malakalarini oshirishdi.

Jamoalarning chiqishlari uzoq yillik tajribaga ega mutaxassislar tomonidan baholandi.

Jami 17 jamoa 6 oy davomidagi ishlarining natijasini taqdim qilishdi.

Akseleratorning barcha ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi, loyihalarini eng yaxshi taqdim etgan 3 jamoa esa esdalik sovgʻalarini olishdi.

Dastavval uchta eng yaxshi jamoa pul mukofoti bilan taqdirlanishi eʼlon qilingan. Lekin ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan startap loyihalar tanlovi eʼlon qilingani tufayli akseleratorning 10 ta eng yaxshi jamoasi mazkur tanlovga tavsiya etildi. Jamoalarning biznes-rejalari Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov komissiyasi tomonidan alohida baholanadi va moliyalashtirishga tavsiya etiladi.

OʻzA
483