Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 23:30 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda «ICT FORUM 2017» ish boshladi

Rang-barang taqdimotlar va dolzarb mavzular muhokamasi, dunyoga taniqli AKT sohasi mutaxassis va olimlari bilan tajriba almashish imkoniyati "O‘zekspomarkaz" markaziy ko‘rgazmalar majmuida ish boshlagan «ICT FORUM 2017» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumini «ICTWEEK Uzbekistan-2017» AKT haftaligining eng yorqin voqealaridan biriga aylantirdi.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligidan ma’lum qilishicha, yangi formatdagi «ICTWEEK Uzbekistan» haftaligi sohaga doir barcha tadbirlarni birlashtirdi. Mushtarak tamoyil nafaqat barcha tadbirlarni samarali tashkil etish va tizimlashtirish, balki ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilar uchun maksimal darajadagi qulayliklar yaratish imkonini beradi. Bu yil ham an’anaga ko‘ra, forum ishtirokchilarining muloqoti sho‘ba anjumanlari, bo‘lim yig‘ilishlari, mahorat saboqlari va ommaviy munozaralar shaklida bo‘lib o‘tadi. 40 dan ortiq ma’ruza taqdim etilayotgan forumning maqsadi O‘zbekistonda AKT va "Elektron hukumat" tizimini yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilash, xorijlik olim va tadqiqotchilar bilan tajriba almashish, AKTning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini muhokama qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.

Forumning birinchi kunida "Elektron hukumat" tizimining davlat xizmatlari institutini shakllantirishdagi ahamiyati, aholiga taqdim etilayotgan interaktiv xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish masalalari, O‘zbekistonda ishga tushirilgan Yagona davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash integratori maqsad va vazifalari, shahar boshqaruvini modernizatsiya qilish, "aqlli" shaharlar uchun turli texnologiyalar, shaharlarni nazorat va monitoring qilishning zamonaviy tizimlari haqida so‘z yuritildi.

– O‘zbekistonda ishlab chiqilgan "Elektron hukumat" tizimi "aqlli shahar" yaratish tamoyili rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi huzuridagi "Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish markazi ekspert-maslahatchisi Chol Suu Chxo (Janubiy Koreya). – Mazkur tizimning ish faoliyati davomida ko‘plab muhim ma’lumot va axborotlar yig‘ildi, innovatsion yechimlar integratsiyasi bo‘yicha amaliy tajriba to‘plandi, ulardan "aqlli shahar" konsepsiyasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda foydalanish mumkin.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda AKT sohasidagi milliy qonunchilik tobora takomillashib borayotgani, korxonalar ishlab chiqarish quvvati oshayotgani, eng yangi texnologiyalar joriy etilayotganini ta’kidladi. Mobil aloqani faol rivojlantirish tufayli operator va internet-provayderlar, internetdan jamoaviy foydalanish punktlari soni ko‘payib bormoqda.

Forumning sho‘ba anjumanlaridan biri moliya sohasidagi raqamli transformatsiya mavzusiga bag‘ishlandi. Turli davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasi istiqbollari va trendlari, Butunjahon bankining raqamli iqtisodiyot borasidagi tashabbusi, bank sektorining raqamli transformatsiyasi, davlat xizmatlari uchun lahzali va onlayn-to‘lovlar, moliya transformatsiyasi sohasidagi yechimlar va ilg‘or texnologiyalarga bag‘ishlangan ma’ruzalarini taqdim etdi.

Forum axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari taraqqiyotining zamonaviy tamoyillarini muhokama etish, mamlakatimiz va xorij mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish imkonini beruvchi o‘ziga xos mahorat maydoniga aylandi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
1 422






Все о погоде - Pogoda.uz