Mamlakatimiz axborot texnologiyalari sohasi xalqaro seminarda taqdim etildi
Janubiy Koreya fan va texnika instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro seminarda O‘zbekiston, Bolgariya, JAR, Senegal, Braziliya, Gana, Ozarbayjon, Qozog‘iston, BAA, Ekvador, Tunis vakillari ishtirok etdi.
Janubiy Koreyaning Tejon shahrida o‘tkazilgan xalqaro seminar doirasida O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, jumladan, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi faoliyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Janubiy Koreya fan va texnika instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro seminarda O‘zbekiston, Bolgariya, JAR, Senegal, Braziliya, Gana, Ozarbayjon, Qozog‘iston, BAA, Ekvador, Tunis vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimiz mutaxassislari Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi faoliyati hamda O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasining istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzalar qildi.
O‘zbekistonda AKT uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga muvofiq ravishda rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan boshqa vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyundagi "Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq axborot texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik subyektlari, shuningdek, dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarini birlashtirishni ko‘zda tutuvchi Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi tashkil etildi.
Innovatsiya markazining asosiy vazifalaridan biri – xo‘jalik subyektlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, AKT mahsulotlarini ichki va tashqi bozorda ishlab chiqarish va joriy etish uchun tashkiliy-texnik hamda moliyaviy-iqtisodiy sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Innovatsiya markazi o‘z rezidentlariga ularning raqobatbardosh loyihalarini amalga oshirish uchun xorijdan sarmoya jalb qilishga ko‘maklashadi. Shuningdek, markaz negizida o‘quv kurslari va treninglar tashkil etiladi.
Innovatsiya markazi rezidentlariga qator imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, ular barcha turdagi soliqlar hamda maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar, shuningdek, 2028-yilning 1-yanvariga qadar yagona ijtimoiy to‘lovdan ozod qilingan. Ular o‘z ehtiyojlari uchun davlatimiz hududiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minotlarni olib kirganlari uchun bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari xalqaro seminar ishtirokchilariga yurtimizda AKT sohasini rivojlantirish, iqtisodiy sohalarning axborotlashtirilishi va komputerlashtirilishi darajasi haqida ma’lumot berdi. Xorij kompaniyalarining mamlakatimizga sarmoya kiritish imkoniyatlari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy davlatlar vakillari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yuzasidan muzokalar olib bordi.