O‘zA O`zbek

17.02.2019 11:24 Chop etish versiyasi

“Job Cafe” mobil ilovasi bilan mehnat bozorini tartibga solinishi mumkin

“Job Cafe” mobil ilovasi bilan mehnat bozorini tartibga solinishi mumkin

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazining Tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi boʻlimining yetakchi mutaxassisi Rustam Ibrohimov “Job Cafe” mobil ilovasi loyihasini ishlab chiqdi.Ilovaning dastlabki sinovlari muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng, mutaxassislar eʼtiboriga havola etildi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

– Mazkur ilova mobil telefoni orqali ishlaydi, – dedi taqdimot marosimida soʻzga chiqqan ilova muallifi Rustam Ibrohimov. – Unda kunlik ish qidirayotgan fuqarolar roʻyxati shakllantirib boriladi. Roʻyxatlar ish qidiruvchilar hamda hududiy agentlar, yagona darcha, sall centre operatorlari yordamida tuzilishi nazarda tutilgan boʻlib, kunlik ish qidirayotgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlar shaffofligi taʼminlanadi. Bu oʻz navbatida ham bir martalik ish beruvchilarga, ham vaqtincha ish qidiruvchilarga ham qulaylik tugʻdiradi.

Shu bilan bir qatorda, loyiha ish qidiruvchilarga boshqa xizmatlarni amalga oshirishni ham nazarda tutadi. Har uch oyda bir marotaba shifokor koʻrigidan oʻtish, har bir ish qidiruvchiga alohida ID karta ochilishi yoki QR kod berilishi, ularning ijtimoiy muhofaza qilinishi kabilar shular jumlasidandir. Loyiha bir martalik ish qidiruvchilarning huquqlari buzilmasligining oldi olishga, haq-huquqlari muhofaza qilinishiga xizmat qiladi. Xizmatchilarning bir martalik shartnoma bilan xizmat koʻrsatishlari ishchi va ish beruvchi oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal qilishga asos boʻladi. Bundan tashqari, har bir ishchi/xizmatchi uchun mehnat daftarchasining ochilishi va fuqarolarning istagiga koʻra maʼlum miqdordagi mablagʻlarning tegishli davlat idoralariga oʻtkazilishi keyinchalik ularning pensiya taʼminotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga zamin yaratadi.

Ilova muallifi mazkur loyiha hozirda mavjud boʻlgan ijtimoiy tarmoqlardagi ish qidirish guruhlari, turli saytlardan farqi, uning aynan muayyan malakaga va kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlmagan shaxslar uchun moʻljallanganligini qayd etdi.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa manfaatdor idora va muassasalar bilan hamkorlikda joriy etilishi kutilmoqda. Ayni kunlarda mobil ilovani takomillashtirish va joriy etish masalasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish boʻlimi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

OʻzA
9 439