O‘zA O`zbek

14.05.2019 16:20 Chop etish versiyasi

Buxoroda havodan suv oluvchi qurilma ishga tushirildi

Buxoroda havodan suv oluvchi qurilma ishga tushirildi

Buxoro shahrida 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroilning “Watergen Ltd.”, Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “Gen-350” atmosfera suv generatori o‘rnatildi. 

Havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvi hosil qiluvchi mazkur havo-suv generatori qurilmasi bir sutkada o‘rtacha 900 litrgacha toza suv oladi. “Watergen” texnologiyasi asosidagi “GENiusTm”, “Gen-350” qurilmalari dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo-suv generatori bo‘lib, u kam quvvat iste’moli bilan ko‘proq suv hosil qilish imkonini beradi. Qurilma, shuningdek, bir nechta to‘siqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.

photo5391111991994723061.jpg

Ta’kidlash joizki, atmosfera havosi namlikning ulkan rezervuari hisoblanadi, hatto quruq iqlimli hududlarda ham odatda 1 kvadrat metr havoda 6-10 grammgacha suv bo‘ladi. Quruq issiq, cho‘l hududlaridagi yerga yaqin joylashgan 1 kvadrat kilometr atmosfera qatlamida 20 ming tonna bug‘ mavjud.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining beshdan bir qismi suv taqchil hududlarda yashaydi. Bundan tashqari, jahon ahlining to‘rtdan bir qismi yer osti suvlari va daryolardan foydalanish imkonini beruvchi infratuzilmalar mavjud bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Suv tanqisligi global muammoga aylanib ulgurgan hozirgi zamonda cho‘l hududlarida suvga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, biologik tizimni muvozanatga keltirish, o‘simlik va hayvonot dunyosini suv bilan ta’minlash maqsadida havodan suv olish loyihasini amalda sinash O‘zbekiston uchun o‘ta dolzarb.

photo5393529259718453989.jpg

Buxoroda ishga tushirilgan yangi qurilma Innovatsion rivojlanish vazirligi boshchiligida tajriba tariqasida ilk bor sinovdan o‘tkazilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 12 may kuni Isroil davlati delegatsiyasi bilan uchrashuvda ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda 2 oydan so‘ng Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida ham qurilmani o‘rnatish masalalarini muhokama qildi. Vazir, shuningdek, kelgusida har bir xonadon uchun mo‘ljallangan havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvi hosil qiluvchi kichik havo-suv generatorlarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy takliflar berdi.

O‘zA
492