O‘zA O`zbek

14.04.2019 07:35 Chop etish versiyasi

“Boeing 787-8 Dreamliner” avvalgi uchtasidan nimasi bilan farq qiladi?

“Boeing 787-8 Dreamliner” avvalgi uchtasidan nimasi bilan farq qiladi?

Orzu layneri AQSHning Sietl shahridan 11 soatu 50 minutda 10 ming 142 kilometr masofa bosib Toshkent aeroportiga kelib qoʻndi. 

Unga yonilgʻi sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajralibb chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari oʻrnatilgan. Avialayner 246 yoʻlovchini oʻz bagʻriga sigʻdira oladi.

Samolyotda yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shinam samolyot sahni, qulay va keng oʻrindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolyatsiyasi, individual koʻngilochar dasturli HD sensor monitorlar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” yoʻlovchilarida parvoz davomida ajoyib taassurot qoldiradi.

Samolyot boshqalaridan internetga kirish uskunalari mavjudligi bilan farqlanadi. Bu milliy aviakompaniyamizning “Bortda internet” xizmatidan foydalanish mumkin boʻlgan uchinchi layneridir. Parvozdagi aloqa provayderi MAKning “Airbus A320neo” samolyotiga ham provayderlik qilgan, koʻngilochar dasturlar va aloqa tizimini oʻrnatgan Panasonic Avionics Corporation kompaniyasi hisoblanadi. “Boeing 787-8 Dreamliner”ning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi boʻlgan Oʻzbekiston milliy aviakompaniyasi ularning tijoriy ekspluatatsiyasini 2016 yilda boshlagan. MAKning 2020 yilga moʻljallangan rivojlanish rejalariga muvofiq, aviapark ushbu rusumdagi oltita samolyot bilan toʻldiriladi va MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.

36.JPG

Shu oʻrinda “Boeing 787-8” samolyotining asosiy texnik xususiyatlari haqida toʻxtalamiz.

Samolyot fyuzelajning 50 foiz elementlari uglerodga asoslangan kompozit materiallardan tayyorlangan. Bu esa, samolyotning anʼanaviy alyumin fyuzelajli laynerga nisbatan yengilroq va mustahkamroq boʻlishiga xizmat qiladi.

787-rusumli samolyotlardagi qanot tekisligining nayzasimon shakli 767-modeli bilan solishtirganda koʻtarilish kuchini 2 foiz oshiradi. Mazkur qanotlar, bu sinfdagi boshqa samolyotlarga qaraganda uzunroq boʻlib, ularga qoʻshimcha elastiklik beradi. Oddiy parvoz davomida qanot uchlari yerdagi erkin holatiga nisbatan 3 metrga tisariladi.

38.JPG

Illyuminatorlar balandligi 46 santimetrni tashkil etadi. Bu barcha tijoriy laynerlar ichida rekord koʻrsatkich. Ular boshqariluvchi elektroxrom qoplama bilan jihozlangan.

Ushbu rusumdagi samolyotlarda kompozit korpuslar zichligining yuqoriligi sahndagi 1800 metr balandlikka mos keladigan bosim darajasini saqlab turishga imkon beradi. Alyumindan ishlangan yoʻlovchi samolyotining kabinasida esa bu bosim 2400 metr balandlikdagi darajaga toʻgʻri keladi.

Sahndagi bosim tizimi yangi shaklda tashkil etilgan. Boshqa yoʻlovchi samolyotlarida sahnga kiruvchi havo 600 darajadan yuqori boʻlgan dvigatellardan olinib, sovutgichlardan oʻtadi va sahnga kiradi, “Dreamliner”larda esa havo tashqi muhitdan toʻgʻridan-toʻgʻri elektr kompressorlari orqali sahn ichiga yuboriladi. Bu bilan havo namligining tanqisligi muammosi bartaraf etiladi. Samolyot sahnidagi yanada nam havo yoʻlovchilar uchun qulaylik yaratadi.

Laynerning orqa qismida joylashgan, tishli shaklga ega boʻlgan gondol dvigatellarining yangi dizayni tufayli, tashqi va ichki shovqin 15 dBga (ditsibel) kamaytirilgan.

Laynerning maksimal yuklanishda parvoz davomiyligi 136 20 kilometr, kreyser tezligi 902 kilometr soat, maksimal tezligi esa 956 kilometr soat, uchish balandligi 13 100 metr. 

Aviaparkning modernizatsiya qilinishi Oʻzbekiston milliy aviakompaniyasiga xalqaro aviatashuvlar bozorida respublikaning manfaatlarini munosib tarzda namoyish etish, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, xususan, ichki va tashqi turizm sohasini rivojlanishiga imkon yaratadi. Albatta, milliy aviakompaniyaning taraqqiyot yoʻlida yangi bosqichni boshlab beradi.

39.JPG

Xurshid Qodirov, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA
1 091