Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 20:35 Chop etish versiyasi

An’anaviy «ICTEXPO – 2017» ko‘rgazmasi ish boshladi

«O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma majmuasi pavilyonlarida 19-sentabr kuni an’anaviy «ICTEXPO – 2017» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi ochildi. Bu yerda mamlakatimiz axborot xizmatlari bozoridagi eng zamonaviy tizim va texnologiyalar namoyish qilinmoqda.

Ko‘rgazmada mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan yuqori texnologiyali mahsulotlar, xususan, dasturiy ta’minot, komputer texnikasi, shuningdek, mobil aloqa va ma’lumot uzatish xizmatlari taqdim etilmoqda. Ekspozitsiya yagona davlat ma’lumotlar bazasi yaratish va aholiga interaktiv xizmat ko‘rsatishni tashkil etishning samarali yechimini topishga xizmat qiladi.

«O‘zbektelekom» AK ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha yangi markaz xizmatlarini taqdim etmoqda. «Uztelecom» AKning «Infotizimlar» filiali mutaxassisi Elshod Abdusamiyevning ta’kidlashicha, "UZCLOUD" O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan ma’lumotlarni qayta ishlash bulutli markazi kompaniya mijozlariga server makoni taqdim etish imkonini yaratadi.

"Virtual Dedicated Server" yoki "Virtual Private Server" xizmatlarining virtual xostingi – xosting xizmatlarning so‘nggi mijozga alohida virtual server taqdim etuvchi ko‘rinishi bo‘lib, mazkur kompaniya xizmatlari orasida videokonferensaloqadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Turli tashkilot va kompaniyalar, shuningdek, davlat organlari bilan 20 dan ortiq shartnoma tuzildi.

200 dan ziyod tashkilot va korxona bilan hamkorlik qiluvchi «Nihol» mahalliy kompaniyalar guruhi mamlakatimizning yetakchi tizim integratorlaridan biridir. Menejer Jahongir Adizovning aytishicha, «Nihol»ning yirik loyihalaridan biri davlat tashkilotlari xodimlari haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish va saqlashga mo‘ljallangan "Kadrlar" namunaviy axborot tizimidir. Tizim O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi buyurtmasi va faol ko‘magi asosida ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonun ishlab chiqish faoliyatini boshqarish tizimi – segmentda elektron hujjatlar aylanishi va "Qonun" yagona me’yoriy-huquqiy hujjatlar ma’lumotlar bazasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ko‘rgazmada «Aloqaloyiha» davlat unitar korxonasi videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish, mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlari, loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi bo‘yicha o‘z xizmatlarini taqdim etmoqda. Bosh mutaxassis Dilrabo Abdurahmonovaning ta’kidlashicha, yaqinda sanab o‘tilgan xizmatlar qatoriga matbaa xizmatlari, antennalar machtasini o‘rnatish, arxitektura ishlari ham qo‘shilgan.

Ko‘rgazma doirasida "Huawei" Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi R10 yangi smartfon modeli taqdimotini o‘tkazdi. Marketing bo‘yicha menejer Tatyana Ognivenkoning ma’lum qilishicha, kompaniya kichik tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni smartfon bilan taqdirlashni rejalashtirmoqda.

"Inline Telecom Solution" (ITS) Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonning AKT bozorida 2009-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Vakolatxona muhandisi Vitaliy Vaginning ta’kidlashicha, kompaniya O‘zbekiston AKT xizmatlarining butun spektrini qamrab olgan. Xolding tarkibiga tashxis platformalari ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi 14 kompaniya kiradi.

«ICTEXPO – 2017» ko‘rgazmasi doirasida «BePro» dasturchilar markazi mahorat saboqlari o‘tkazishi, uch kun davomida «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma majmuasi pavilyonlarida mahalliy hamda xorij kompaniyalari mahsulotlari taqdimoti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uning doirasida, shuningdek, turli seminarlar ham tashkil etiladi. Masalan, "TelesetAlfa" kompaniyasi tomonidan "Ta’limda interaktiv texnologiyalar" mavzusida seminar o‘tkaziladi. Ko‘rgazmada, shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ishtirok etmoqda. Universtitet O‘zbekistondagi birinchi onlayn-telekanalni taqdim etdi.

Ablay Kamolov, O‘zA
1 400






Все о погоде - Pogoda.uz