Texnologiyalar

Axborot texnologiyalari rivoji yo‘lida

O‘zA, A.Ortiqboyev, 24.09.2009 15:56

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Toshkent va Nukus shaharlarida “ICTExpo – 2009” ko‘rgazmasi davom etmoqda.

Ushbu tadbir Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialining yangi binosi ochilishi tantanalariga ulanib ketdi.

Mazkur ta’lim maskani barcha qulayliklarga ega bo‘lgan keng va yorug‘ auditoriyalarni, majlislar va sport zallari, eng so‘nggi rusumdagi kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan mashg‘ulot xonalarini o‘z ichiga oladi. Bu yerda to‘rt yo‘nalish bo‘yicha 364 nafar talaba tahsil olmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari H.Muhiddinov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori S.Qosimov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali 3-bosqich talabasi Z.Aximbetova va boshqalar mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida, jumladan, AKT sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotgani, yurtimizda qulay investitsion muhit yaratilgani xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish, barcha sohalarda tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladilar.

Darhaqiqat, mamlakatimizda telekommunikatsiyalar sohasida keng miqyosli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohalar rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizning ko‘plab shahar va tumanlarida yangi raqamli ATSlar ishga tushirildi. Mobil aloqa tizimi va internetdan foydalanuvchilar soni muttasil oshib borayotir. Ta’lim tizimi va ilmiy muassasalar uchun zamonaviy texnologiyalar yordamida mustahkam va ishonchli ma’lumotlar bazasi yaratildi.

Mazkur ko‘rgazmada raqamli televizion ko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar uzatish texnologiyalari, internet tizimi, video-telefon aloqalari, elektron kutubxonalar, kasb-hunar ta’limi sohalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash borasida erishilayotgan yutuqlar namoyish etilmoqda.

– Ko‘rgazmadan katta taassurot oldik, – deydi “Nukus-G‘M” radiosi rahbari Baxt Elomonov. – Joriy yil boshidan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan radiokanalimiz o‘z eshittirishlarini hozircha Nukus va Taxiatosh shaharlari, Nukus va Xo‘jayli tumanlari aholisi e’tiboriga havola etmoqda. Ish jarayonida zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalanmoqdamiz. Yaqin kunlarda to‘lqinlarimiz Orolbo‘yining barcha hududlarini qamrab oladi.

Ko‘rgazmaning ochilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

San’atsevar bolalar

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama