![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
AKT haftaligi boshlandiO‘zA, Iroda Umarova, Madina Umarova, 22.09.2009 18:23 Mamlakatimizda an’anaviy InfoCom 2009 – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi. Haftalik dasturidan mazkur sohani takomillashtirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘rin olgan. Mutaxassislar va ko‘p sonli zamonaviy axborot resurslaridan foydalanuvchilar ushbu forumlarda o‘zlari uchun qiziqarli va foydali yangiliklar bilan tanishishi mumkin. Haftalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi hamda BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etildi. Haftalik doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha milliy sammit – «ICT Summit 2009», “ICTExpo 2009“ axborot texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi, IT Promotion in Asia 2009 – “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash masalalari” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya, «Axborot-resurs markazlari shakllanishida ilg‘or chora-tadbirlar» Respublika ilmiy-amaliy seminari kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 22 sentabr kuni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha milliy sammit – «ICT Summit 2009» bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Belgiya, Chexiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Qozog‘iston va AQSH kabi mamlakatlardan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida faoliyat yurituvchi besh yuzga yaqin yetakchi ekspertlar, davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar, mamlakatimiz va xorijdagi IT-kompaniyalar rahbar va vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Sammit ochilishida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari H.Muhiddinov mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2002 yil 30 mayda qabul qilingan “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘layotir. Hujjatga muvofiq 2002-2010 yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohalar rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois mamlakatimizda mazkur sohaga oid milliy qonunchilikni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bunday huquqiy-me’yoriy hujjatlar bilan mualliflik va boshqa turdosh huquqlar, elektron imzo, tijorat, to‘lovlar, hujjat aylanishi sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda. O‘zbekistonda IT-texnologiyalar jadal rivojlanayotgani tufayli korxonalarning ishlab chiqarish quvvati ham tobora oshmoqda. AKT mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq farovonligini oshirishning muhim omillaridan biriga aylandi. Barcha viloyat markazlarida raqamli aloqa stansiyalari o‘rnatildi, yangi optik-tolali va raqamli magistral liniyalar ochildi, besh yuzga yaqin televizion va yuzdan ziyod radio uzatish moslamalari o‘rnatildi hamda modernizatsiya qilindi, butun mamlakatimiz bo‘ylab CDMA standartidagi radioto‘lqin uzatish tizimi joriy etildi. AKTni jadal rivojlantirish uchun davlat va xususiy sektor sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida 2006 yilda O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi tashkil etildi. Hozirgi kunda u O‘zbekiston IT-bozorining ellikdan ortiq yetakchi kompaniyasini o‘ziga birlashtirgan. Mamlakatimizda mobil aloqa abonentlari soni ko‘payayotgani uyali aloqa xizmati jadal rivojlanayotganidan dalolat. Bundan tashqari, internet xizmati taqdim etadigan operator va provayderlar soni ham oshib borayotir. Shuningdek, raqamli imzo qo‘llash imkonini beradigan me’yoriy-huquqiy asos va ochiq elektron kalitlar infratuzilmasi yaratildi. O‘quv-ta’lim va ilmiy muassasalar uchun axborot resurslarini birlashtiradigan, zamonaviy veb-texnologiyalar yordamida ushbu ma’lumotlar bazasidan keng ko‘lamda hamda xavfsiz foydalanishni ta’minlaydigan “ZiyoNET” jamoat ta’limi axborot tarmog‘i muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani mamlakatimizda AKT sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar berayotgan samaralarning yana bir namunasidir. Mamlakatimizda AKTni rivojlantirish yo‘lida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaymoqda. O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturining “AKT siyosati” qo‘shma loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yurtimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu forumni tashkil etishdan asosiy maqsad jahon AKT bozori ahvolini tahlil qilish, sohadagi yangi yutuqlar bilan yaqindan tanishish, mavjud muammolarga yechim topishda hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish hamda bu borada xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan iborat. – O‘zbekiston boshqa sohalar qatori AKT rivojlanishi borasida ham Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi mamlakat, – deydi «Microsoft» korporatsiyasining Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Tatyana Telegina. – O‘zbekiston rahbariyati tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tahsinga loyiq. Yuksak intellektual salohiyatga ega mamlakatingiz ushbu sohada yana ko‘plab yutuqlarga erishishiga ishonamiz. O‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikda ko‘plab istiqbolli loyihalarni ishlib chiqish va amalga oshirish niyatidamiz. Sammitda milliy AKT salohiyatini oshirish, zamonaviy dasturiy ta’minotni tatbiq etishni kengaytirish, simsiz foydalanish va ma’lumotlarni yuqori tezlik bilan uzatish tizimlarini qo‘llash, sohaga innovatsion g‘oyalarni joriy etish va sarmoya jalb qilish, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, globallashuv sharoitida axborot xavfsizligini mustahkamlash uchun qulay muhit yaratish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shu kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya boshlandi. Ikki kun davom etadigan mazkur anjuman ishtirokchilari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tadqiqotlar, radioaloqa va raqamli televideniye, axborot xavfsizligi muammolari, ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalanish, elektron hujjat yuritish va elektron biznes tizimi, axborot-kommunikatsiya tizimlari menejmenti va marketingi kabi masalalarda fikr alamashadi. So‘nggi yangiliklar: Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |