Texnologiyalar

Ixcham, qulay va sog‘liq uchun foydali

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 24.08.2009 12:17

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan tayyorlangan mahsulotlar hozir dunyoning ko‘plab davlatlariga eksport qilinmoqda. Olimlarimiz yaratayotgan tajriba-konstruktorlik va texnologik loyihalarning ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgani bunda muhim omil bo‘layotir. Davlatimiz rahbarining 2008 yil 15 iyulda qabul qilingan “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Yurtimizdagi kichik biznes korxonalarida import o‘rnini bosadigan, jahon standartlari talablariga mos, xaridorgir mahsulotlar tayyorlash ko‘lami tobora kengaymoqda. Ilgari buning uchun chetdan texnologiyalar olib kelish zarur edi. Hozir xorij texnologiyalari bilan raqobatlasha oladigan samarali ishlanmalar o‘zimizda yaratilmoqda. Misol uchun ishlab chiqarish korxonalari diqqatini jalb etayotgan uskunalardan biri – Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti jamoasi yaratgan elektrofiltrdir. U turli korxonalar, tibbiyot muassasalari va uy-joylarning havosini zararli changlardan – aerozol zarralaridan tozalashda qo‘llaniladi. Shuningdek, atrof-muhit tozaligini asrash hamda sanoat korxonalaridan havoga uchib chiqayotgan moddalarni ushlab qolish imkonini beradi.

– Havoda uchrab turadigan ko‘zga ko‘rinmas aerozol zarrachalari atmosferaga zarar yetkazadi, – deydi ushbu elektrofiltr ixtirochisi, texnika fanlari nomzodi Shavkat Muzaffarov. – Bu esa ekologiyaning buzilishiga olib keladi. Mazkur uskuna shunday salbiy oqibatlarning oldini olish, havoni tozalashda qo‘l keladi.

Bu ixtiro sanoat korxonalarida hozirgacha qo‘llanilib kelingan xorijning ana shunday uskunasidan yigirma marta kichik bo‘lib, elektr energiyasini tejash va ish unumdorligi jihatidan ancha ustunlikka ega. Misol uchun, amaldagi uskunaning uzunligi o‘rtacha 20 metr bo‘lsa, yangi elektrofiltrning uzunligi bir metrdan oshmaydi. Havo oqimining tezligi eskisida 1-1,5 metrni, yangi ixtiroda esa 8 metrni tashkil etadi. Ana shunday tezlik hisobiga samaradorlik sakkiz martaga oshdi. Shuningdek, elektr sarfi amaldagi uskunada 600 kilovatt bo‘lsa, yangi ishlanmada bu ko‘rsatkich 200 vattni tashkil etadi.

Ushbu uskuna sanoat korxonalarida havoni changdan tozalab, kasb kasalliklarini kamaytirish hamda tibbiyot va farmatsevtika muassasalarida havoni uzluksiz tozalash hisobiga dori-darmonlarni sifatli saqlashda qo‘l keladi. Havo musaffoligini ta’minlab, shifoxonalarda operatsiyadan keyin bemorlarning sog‘ayishini tezlashtiradi.

Hozir institut jamoasi maxsus ishlab chiqarish laboratoriyasida xonadonlarda, tibbiyot muassasalarida va texnologik jarayonlarda katta hajmda havoni ishlatadigan korxonalar uchun mo‘ljallangan olti xildagi elektrofiltr tayyorlamoqda. Uning narxi samaradorligiga qarab 250 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha. Olmaliq g‘isht zavodida ushbu elektrofiltrni qo‘llash jarayoni boshlandi.

Olimning ixtirosi patentlar bilan himoyalangan. Uni amaliyotga keng tatbiq etish mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardoshligini kuchaytirish, tannarxi va energiya iste’molini pasaytirish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Shuningdek, atrof-muhit musaffoligi va aholi salomatligini asrashda muhim o‘rin tutadi.

So‘nggi yangiliklar:

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

San’atsevar bolalar

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama