Texnologiyalar

Internet-festivalga marhamat!

O‘zA, V.Nikolayev, 05.08.2010 19:50

Mamlakatimizda 5 avgust kuni UZ-2010 milliy domeni internet-festivali boshlandi. Tadbir «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi, «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi, “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi hamda “Mirada Softwarye” kompaniyasi tomonidan tashkil etildi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi festivalning rasmiy ko‘makchilari hisoblanadi.

Festival ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatimizda internet-festivallar 2001 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgani ta’kidlandi. 2007 yildan mamlakat domeni resurslarini rivojlantirish maqsadida UZ milliy domeni internet-festivallari o‘tkazilmoqda. Ayni paytgacha internet-festivallar ikki yilda bir marotaba tashkil etilayotgan edi.

O‘zbekistonda bugungi kunda qariyb 3 million kishi Internetdan foydalanmoqda. Ikkinchi darajali UZ milliy domeni 1995 yil 29 aprelda tashkil etilgan. 2010 yilning 5 avgust holatiga ko‘ra, faqat ikkinchi darajali UZ milliy domeni hududidagi faol domenlar soni 10500 dan ortadi. Shu bilan birga UZ domeniga taalluqli uchinchi darajali yana bir necha ming domenlar ham mavjud.

2010 yil boshidan buyon UZ domeni hududida mingdan ortiq ikkinchi darajali domenlar ro‘yxatga olingan. Aynan shu sababli 2010 yildan boshlab internet-festivallarni har yili o‘tkazishga qaror qilindi. Festivalni o‘tkazishning asosiy tashabbuskorlari O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda “UZINFOCOM” markazi “UZ” domeni hududining ma’murlari hisoblanadi.

Bu yilgi festival 5 avgustdan 20 sentabrgacha davom etadi. Uning yakunlarini “Infocom-2010” axborot texnologiyalari haftaligining birinchi kunida sarhisob qilish rejalashtirilgan. Aholining keng qatlamlari orasida Internet tarmog‘ini ommalashtirish, ijod, kasbiy faoliyat, dam olish, ishonchli va tezkor axborot manbalari sifatida rivojlantirish, Internet tarmog‘ida o‘zbek tilini qo‘llash sohasini kengaytirish, shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni xalqimiz tarixi, madaniyati va milliy an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda ham milliy kontentni rivojlantirishga ko‘maklashish festivalning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Tanlovda festival davomida faoliyat ko‘rsatadigan va UZ domenida ro‘yxatga olingan saytlar ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ishtirok etuvchilar hay’at a’zolari, sayt egalari va barcha xohlovchilar tomonidan festivalning www.if.uz rasmiy saytida taqdim etilgan ro‘yxatga olish shakli bo‘yicha ko‘rsatilishi mumkin. Ishtirok etish uchun arizalar 2010 yilning 5 avgustidan 5 sentabrigacha qabul qilinadi.

Saytlarni baholash uchun internet-texnologiyalar, san’at, madaniyat, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarning malakali mutaxassislaridan iborat hay’at tashkil etiladi. Festivalning tanlov dasturi 14 ta mavzuga oid va 2 ta maxsus nominatsiyani o‘z ichiga oladi.

Bu yilgi tanlov dasturiga 14 mavzuga oid nominatsiya ishtirokchilari uchun WWW.UZ milliy izlash tizimining maxsus mukofotlari kiritilgan. Ushbu maxsus nominatsiyada ma’lum vaqt ichida har nominatsiya ishtirokchilari orasida eng ko‘p ball to‘plagan 14 ta sayt g‘olib bo‘ladi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2010 yilning Barkamol avlod yili, deb e’lon qilinishi tufayli mavzuga oid yangi nominatsiyalarning joriy etilgani bu yilgi festival tanlov dasturining avvalgilardan muhim farqli jihati hisoblanadi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi internet-festivalda ishtirok etish va o‘zining mavzuga oid ikkita nominatsiyasini kiritishga qaror qildi. Zero, xotin-qizlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shu munosabat bilan tanlov dasturiga «O‘zbekiston xotin-qizlari tomonidan yaratilgan eng yaxshi veb-sahifa yoki veb-blog» va «Xotin-qizlar va bolalarning reproduktiv salomatligi hamda sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan eng yaxshi sayt» nominatsiyalari kiritildi. Mazkur nominatsiyalar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ekspertlari tomonidan baholanadi. G‘oliblar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining diplom va sovrinlari bilan taqdirlanadi. Shu tariqa, festival axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni ko‘paytirish, xotin-qizlar uchun qiziqarli hamda foydali veb-saytlar va elektron resurslarni yaratish bo‘yicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan ijodiy foydalanish ko‘nikmalariga ega iste’dodli va istiqbolli xotin-qizlarni aniqlashga yordam beradi.

Bu yilgi festival tashkilotchilari hisoblangan «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi va «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi tomonidan esa «Yoshlar uchun eng yaxshi sayt» nominatsiyasi ta’sis etildi. Ushbu nominatsiya Barkamol avlod yiliga bag‘ishlangan bo‘lib, unda yoshlar uchun mo‘ljallangan saytlar (maktablar, kollejlar, litseylar, oliy o‘quv yurtlari, yoshlar tashkilotlari va birlashmalari saytlari) ishtirok etadi. Barkamol avlod yiliga bag‘ishlab Internet tarmog‘ida e’lon qilingan eng yaxshi materiallar mualliflariga mukofotlar ham mazkur nominatsiyada topshiriladi.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama