Texnologiyalar

Taraqqiyot ko‘zgusi

O‘zA, Bahor Xidirova, 29.07.2010 12:48

Inson hamisha o‘zi yashab turgan joydan uzoqdagi voqea-hodisalardan ogoh bo‘lish istagi bilan yashagan. Bunday kechinmalar xalqimiz yaratgan ertaklar, afsonalar, rivoyatlarda, mumtoz badiiy asarlarimizda ham o‘z ifodasini topgan. Ajdodlarimizning ana shunday teran tafakkuri, boy dunyoqarashi mahsuli sifatida bugungi ilg‘or axborot texnologiyalari, jumladan, televideniye yuzaga kelgan.

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida O‘zbekiston olimlari elektron nur yordamida harakatdagi tasvirni bir joydan ikkinchi joyga uzatadigan va qabul qiladigan “radiotelefot” yaratib, televideniye taraqqiyotiga katta ulush qo‘shdilar. Garchi, ana shunday olamshumul ixtirolar bizning Vatanimizda amalga oshirilgan bo‘lsa-da, mustaqillikka erishganimizga qadar mamlakatimizda televizor ishlab chiqaradigan korxona yo‘q edi. O‘sha paytlarda oddiy oq-qora rangli televizorlar ham chetdan olib kelingan.

…Bolaligim sovet mafkurasining kommunistik jamiyat qurish yo‘lida ish olib borgan ura-urachilik zamonlariga to‘g‘ri kelgan. Besh-olti yoshligimda dadam uyimizga oq-qora rangli “Vesna” televizorini olib kelganini yaxshi eslayman. O‘shanda men va uka-singillarim juda quvonib, dadamning televizorni yoqib berishini intiq kutardik. Biroq, turli nosozliklar tufayli televizor ko‘rishimiz bir necha kunga cho‘zilgan.

Hozir qaysi xonadonga bormang, so‘nggi rusumdagi televizorlar, audio-video apparatlardan foydalanayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bugun halol mehnat qilib, rizq undirayotgan xalqimiz hayotini olamdagi jamiki go‘zalliklar bilan bezashga, yoshlarimiz zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga, hech kimdan kam bo‘lmay yashashga odatlandi.

O‘z navbatida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari xalqimizning bunday intilishlarini, aholining tele, video, audio mahsulotlariga va ro‘zg‘or uchun zarur boshqa vositalarga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirishni faoliyatining muhim mezoniga aylantirayotgani quvonarlidir. Buning natijasida yurtimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari izchil rivojlanmoqda.

– Korxonamizda zamonaviy televizorlarni ishlab chiqarish Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1992 yilda ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida amaga oshirilmoqda, – deydi “Foton” ochiq aksiyadorlik jamiyatining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Yevgeniya Sodiqova. – Dastlab oq-qora rangli televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish va zamonaviylashtirish maqsadida 1997 yilda Yaponiyaning “Soni” kompaniyasi bilan hamkorlikka asos solindi. Buning natijasida rangli televizorlarni ishlab chiqarish texnologiyasi o‘zlashtirildi. 2000 yildan hamkorlarimiz safi yanada kengaydi – Janubiy Koreya kompaniyalari bilan birga mahsulot ishlab chiqarish boshlandi.

Aholini tele-video apparatlari bilan ta’minlash yo‘lida faol ish olib borayotgan korxonalardan yana biri “Zenit elektroniks” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasidir. Bu korxona ham 1992 yildan beri zamonaviy televizorlar ishlab chiqarmoqda. “Daewoo”, “Samsung”, “LG” rusumli televizorlar nafaqat mamlakatimiz, balki xorij bozorlarida ham xaridorgir.

– Yurtimizda ishlab chiqarilgan “LG” va “Samsung” rusumli televizorlarni sotib olganimga uch yil bo‘ldi, – deydi poytaxtimizning “Husnobod” mahallasida yashovchi Ma’luma Yusupova. – Ularning birini oshxonamizga joylashtirganman. Chunki, ko‘p vaqtim shu yerda o‘tadi. Ularni haligacha biror marta ta’mirlatmadim. Mamlakatimizda bunday sifatli va zamonaviy televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganidan faxrlanamiz.

– Hozir mamlakatimizda mobil aloqa vositalari, kompyuterlar singari televizorlarning ham eng takomillashgan turlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Zenit elektroniks” qo‘shma korxonasi menejeri Otabek Yusupov. – Ular ixcham, kam energiya sarflaydi, uzoq vaqt foydalanishga yaroqli, ekrani katta, ko‘plab funksiyalarni bajarishga mo‘ljallangan. Shu kunlarda korxonamiz mutaxassislari ana shunday rusumdagi ilg‘or texnologiyalarni yanada keng o‘zlashtirish yo‘lida izlanmoqdalar. Yaqin kunlarda xaridorlar bunday mahsulotlarning yangi turlarini mamlakatimiz savdo majmualaridan xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Istiqlol bizga barcha sohalarda ana shunday keng imkoniyatlar berdi. Turmushimiz yuksaldi, eng yaxshi narsalarni hadya qilishga intilishimiz kuchaydi. Bunga imkoniyatimiz ham yetadi. Hayotga muhabbat, yorug‘ va farovon kelajakka ishonchimizni kuchaytirayotgan bunday tuyg‘ular bizga mustaqillik tufayli nasib etgan buyuk saodatdir.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama