Texnologiyalar

Raqamli televideniye rivojlanmoqda

O‘zA, V.Nikolayev, 27.07.2010 14:46

Yangi texnologiyalarning joriy etilishi natijasida telekommunikatsiyalarning jadal sur’atda rivojlanib borayotgani an’anaviy televizion ko‘rsatuvlardan yangi, yanada sifatli bo‘lgan yerusti raqamli efir teleko‘rsatuvlariga o‘tish imkoniyatini yaratdi. O‘zbekiston MDHda birinchilardan bo‘lib raqamli televideniyeni joriy etmoqda.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining muhandislik-texnik markazida mamlakatimiz va xorijlik jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda bu haqda ma’lum qilindi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, ushbu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat korxonalar vakillari O‘zbekistonda raqamli televidiniyening hozirgi ahvoli va rivojlanish istiqbollari haqida so‘zlab berdi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasida raqamli televidiniyega o‘tish konsepsiyasi ishlab chiqildi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hozir Toshkent va Buxoro shaharlarida yerusti raqamli televideniyening tajriba zonasini bosqichma-bosqich tashkil qilmoqda. Mamlakatimizda 2015 yilgacha yerusti raqamli televideniyesini joriy etishning chastotali-hududiy rejasi tasdiqlandi.

Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazining texnik direktori B.Obidovning aytishicha, mamlakatimizda raqamli televideniyeni joriy etish borasidagi ishlar 2007 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. O‘sha yili “Inverson Technogies SA” (Shveysariya) va “Kurt Mitterfelner Gmbx” (Germaniya) kompaniyalari ishtirokida ikkita loyihani ro‘yobga chiqarish boshlangan edi. Ushbu kompaniyalar O‘zbekistonga Toshkent va Buxoroda yerusti raqamli televideniyesining tajriba zonasini tashkil qilish uchun eng yangi raqamli teleko‘rsatuvchilarni uzatish uskunalarini yetkazib berdi.

2008 yilda Toshkent va Buxoro shaharlarida ikkita uzatish apparati foydalanishga topshirildi. Yaqinda poytaxtimizdagi teleminorada yana bitta raqamli retranslyator montaj qilindi va hozir poytaxtimizda 25 kanal translatsiya qilinmoqda. Keyinchalik ularning soni 42 taga yetadi. Joriy yilda Toshkent va Samarqand uchun yana uchta uzatish apparati yetkazib beriladi, boshqa viloyatlar markazlari uchun esa to‘rtinchi uzatish apparati bo‘yicha tender o‘tkaziladi.

Yerusti raqamli efir televideniyesi – bu ko‘p dasturli televideniye xizmatlarini taqdim etish, teledasturlar sifati ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ko‘shimcha interfaol xizmatlarni ko‘rsatish demakdir. Videotasvirlarni yuqori darajada aniqlik bilan uzatish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Raqamli teleko‘rsatuvlar mamlakatimiz chastota resurslaridan yanada samarali foydalanish, bitta an’anaviy telekanal o‘rniga bir qancha raqamli telekanallarni shakllantirish va uzatish imkonini beradi.

Televizor raqamli signalni ishonchli qabul qilishi uchun Set-Top-Box (raqamli tyuner) kerak bo‘ladi. Shu sababli mamlakatimizdagi “TelMax elektroniks” firmasi MPEG-4 siqish texnologiyasi joriy qilingan, yangi, yuqori samarali Set-Top-Box yerusti raqamli pristavkasini ishlab chiqdi. Abonentlar u orqali yerusti tarmoqlarida shifrlangan va bepul raqamli kanallardan foydalanishi mumkin. Qulay menu kanallarni tez ko‘zdan kechirish va tahrir qilish imkonini beradi.

Yangilik xorijda ishlab chiqarilgan shunday moslamalardan ancha arzon turadi. Ayni paytda besh mingta shunday pristavka ishlab chiqarildi. Talab ortishiga qarab, Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasida xorijiy investorlar ishtirokida loyiha bo‘yicha 50-60 mingta tyuner ishlab chiqarish quvvatiga ega qo‘shma korxona tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda. Xalqaro standartlarga javob beradigan uch turdagi Set-Top-Box tyunerlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama