Texnologiyalar

Radiochastotalardan foydalanish ko‘lami kengaymoqda

O‘zA, V.Nikolayev, 21.06.2010 19:41

Toshkentda MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari uchun “Radiochastota spektri va yo‘ldoshli orbitalardan foydalanishni xalqaro miqyosda boshqarish” mavzuida qo‘shma seminar boshlandi. Tadbir O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston, Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Ukrainadan mutaxassis va ekspertlar, shuningdek, Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik tashkiloti, Xalqaro elektraloqa ittifoqi, uning MDH mamlakatlari bo‘yicha hududiy bo‘limi vakillari ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad – radochastota spektrini xalqaro tartibga solish, yo‘ldoshli orbitadan foydalanish samaradorligini oshirish, Xalqaro elektraloqa ittifoqi dasturiy ta’minoti va ma’lumotlar bazasini qo‘llash bo‘yicha tajriba hamda axborot almashishdir.

Xalqaro elektraloqa ittifoqi Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yetakchi muassasasi, radioaloqa, standartlashtirish va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish sohasida davlat boshqaruvi hamda xususiy sektor organlari uchun umumjahon muvofiqlashtirish markazi hisoblanadi.

Seminar doirasida Xalqaro elektraloqa ittifoqi, radochastota spektri va yo‘ldoshli orbitalardan foydalanishni xalqaro miqiyosda tartibga solish, radioaloqa sektorining tadqiqot komissiyalari ishlari, yo‘ldoshli aloqa va radioeshittirish tizimlari bozorini rivojlantirish tendensiyalari, radiochastota spektridan foydalanish radiomonitoringi bo‘yicha xalqaro va milliy tizimlarni tashkil etish, Xalqaro elektraloqa ittifoqi hamda Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik tashkiloti mamlakatlarining 2012 yilda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon radioaloqa konferensiyasiga tayyorgarligiga oid ma’ruzalar taqdim etiladi.

Seminarda dunyoda va Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik tashkiloti mamlakatlarida raqamli eshittirishni joriy etish tajribasi, bu boradagi mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining o‘rinbosari M.Sangilov mamlakatimizda yangi radiotexnologiyalarni joriy etish uchun radiochastota resursiga bo‘lgan ehtiyoj jadal ortib borayotganini ta’kidladi. Ushbu texnologiyalardan foydalanish iqtisodiyotni yuksaltirish, biznesni rivojlantirish, jamiyatning axborot bazasini takomillashtirish imkonini beradi.

O‘zbekistonda ushbu spektrdan an’naviy foydalanish bilan bir qatorda mobil aloqa, keng polosali simsiz aloqa, raqamli radioeshittirish sohasidagi yangi texnologiyalar ham faol joriy etilmoqda. 2009 yildan buyon 3G – uchinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i ham jadal rivojlanmoqda va ushbu tarmoq abonentlari soni qariyb 1,5 millionni tashkil etadi.

2010 yilda ikkita uyali aloqa operatoriga LTE uyali aloqa standartini joriy qilish uchun chastotalar polosasi ajratildi, ularning uskunalardan foydalanishga oid arizalari ko‘rib chiqilmoqda. Simsiz foydalanish uchun keng polosali Wi-Fi, Wi-MAX, jumladan mobil tarmoqlari qo‘llanilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining radiochastotalar bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan mamlakatimizda 2015 yilgacha raqamli teleko‘rsatuvlarni joriy etishning chastotali-hududiy rejasi ta’sis etildi. 2008 yilda Toshkent va Buxoro shaharlarida ikkita uzatish apparati foydalanishga topshirildi. Yaqinda poytaxtimizda ikkinchi uzatish apparati ishga tushirildi va hozir shaharda 25 kanal translatsiya qilinmoqda.

Joriy yilda Toshkent va Samarqand uchun yana uchta uzatish apparati yetkazib beriladi, boshqa viloyatlar markazlari uchun esa to‘rtinchi uzatish apparati bo‘yicha tender o‘tkaziladi.

Dunyo bo‘yicha texnologik rivojlanish tendensiyasi radiochastota resursiga nisbatan ehtiyoj ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Prognozlarga ko‘ra, keng polosali mobil xizmatlarni joriy etish faollashadi. Hozir radiochastota spektridan ham milliy, ham xalqaro darajada foydalanish samaradorligi oshmoqda. Oqilona boshqaruv radiochastota spektridan foydalanish strategiyasini ishlab chiqish uchun majburiy shart hisoblanadi.

Xalqaro elektraloqa ittifoqining Radioaloqa byurosi direktori V.Timofeyev O‘zbekistonda radioaloqa, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ya’ni raqamli televideniyeni amaliyotga tatbiq etish, keng polosali simsiz aloqa, mobil aloqa texnologiyalarini rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Mazkur seminar MDH mamlakatlarida radiochastota spektridan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama