![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Tarozining ikki pallasiO‘zA, Anvar Boboyev, Ozod Rajabov, 13.11.2009 12:21 Bugun hayotni kompyutersiz tasavvur qilish qiyin. Shu ma’noda mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida axborot-resurs markazlari tashkil etilib, kutubxonalarimizda saqlanayotgan nodir asarlarning elektron variantlari yaratilayotgani yoshlar uchun qilinayotgan ishlarning amaliy samaralaridir. Bugun Termiz davlat universiteti talabasi o‘z auditoriyasida o‘tirib Parijdagi Sarbonna universitetidagi kitobni o‘qish imkoniyatiga ega. Qidiruv xizmati izlagan ma’lumotingizni sanoqli daqiqalarda topib beradigan ushbu global tarmoq katta do‘konga o‘xshaydi. Ehtiyojingizga yarasha tanlab olaverasiz. Supermarketdan farqi shundaki, uning chegarasi yo‘q. Bunda taklif etilayotgan mahsulotlarning qay biri bol, qaysisi og‘u ekanini ajratib olish nafaqat farzandlarimiz, kattalar uchun ham oson emas. Mantiqan olib qaraganda, o‘z do‘konida ibosizlik va behayolikni, jangarilik va vahshiylikni taklif qiladigan “sotuvchilar”ning maqsadi faqat tijoratdan, ko‘proq pul to‘plashdan iborat emasligi yanada oydinlashadi. Nosog‘lom ruhdagi axborotlar yoshlar tarbiyasiga, ma’naviyati, ongi va tafakkuriga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Tabiiyki, internet tobora ommaviylashib borayotir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2012 yilda 1 milliard 900 million kishi, boshqacha aytganda, sayyoramiz aholisining 30 foizi shu tarmoqqa ulanar ekan. Buni taraqqiyot desa bo‘ladi. Ammo tarixdan ma’lumki, taraqqiyot ham doridek gap, ba’zida dardni yengillatish bilan birga zarari ham tegadi. Ya’ni, har qanday yangilikning yaxshi-yomon tomoni bo‘ladi. Internetning foydasi juda ko‘p. Hozir odamlar konvertga marka yopishtirib, pochtaga borayotgani yo‘q. Endi maktublar ham kunlab, haftalab yo‘l yurmaydi. Yoki telefonni oling. Chet elga “sim qoqish” cho‘ntakda bezovtalik paydo qiladi. Telefonning bir daqiqasi uchun ketadigan xarajatning yarmi internetga bag‘ishlansa, undan biron soat foydalanish mumkin bo‘ladi. Internetda esa maxsus xizmatlar borki, ular yordamida chet el bilan bemalol so‘zlashish, samolyotga chipta, o‘zga qit’adagi mehmonxonadan joy buyurish, savdo-sotiq qilish mumkin. Bitmas-tuganmas axborot manbai bo‘lgan internet orqali yangiliklardan xabar topamiz, zarur ilmiy va badiiy adabiyotlarni o‘qiymiz, akkreditatsiyadan o‘tamiz va hokazo. Umuman, sanab oxiriga yetish qiyin. Zarari-chi? Zarari ham kam emas. Masalan, o‘yin. Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlaridan birida o‘quvchi kompyuter oldida uzluksiz 18 soat o‘tirgani tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Yoki tanishuv saytlarini olaylik. Boshqa bir o‘spirin shunday saytlardan birida sohibjamol qiz bilan tanishib, uni sevib qoladi. Olti oy mobaynida uni real uchrashuvga taklif qiladi. Oxiri qiz rozi bo‘ladi. Uchrashadi. Lekin boshqa qiz keladi. Yigitlarni aldab, o‘zidan go‘zalroq bir qizning suratini profaylga joylagan bo‘ladi. Oqibati shuki, haligi o‘spirin o‘z joniga qasd qiladi. Afsuski, internet faqat ma’rifat va qulay xizmatlar taklif qilmayapti. Bu tarmoqni ba’zida o‘rgimchak to‘riga qiyoslashadi. Bu qiyosda ham asos bor. Nafsi buzuq kimsalar turli axloqsiz saytlarni ochib, biznes qilayotir. Ularning to‘riga ilinganlar kimi o‘zi buzuqlik yo‘liga kiryapti, kimining oilasi buzilyapti. Mutaxassislar so‘nggi besh yilda bunday saytlar soni qariyb yigirma marta oshganini hisoblab chiqdi. Eng achinarlisi, “kattalarga mo‘ljallangan” saytlarga kirayotgan bolalar ko‘paymoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyada 14 yoshgacha bo‘lgan internet foydalanuvchilari soni 8-10 millionni tashkil qiladi. Ularning 75 foizi tarmoqqa mustaqil kiradi. Go‘dakligida ota-onasi nazorati ostida internetga kirganlarning 7 foizigina 14 yoshga chiqqanda bu an’anani buzmaydi. 14 yoshgacha bo‘lgan internet foydalanuvchilarining 39 foizi axloqsiz saytlarga kirgan, 19 foizi zo‘ravonlik sahnalarini tomosha qilgan, 16 foizi qimor o‘ynagan, 14 foizi narkotik moddalarga hamda 11 foizi ekstremizm va millatparastlikka qiziqish bildirgan. Tailandda internetdan foydalanuvchi o‘quvchilarning 60 foizi axloqsiz saytlarga kirar ekan. Boshqa mamlakatlarda aksariyat yoshlar internetga axborot olish va pochta uchun asosiy vosita sifatida qarayotgan bir paytda Tailandda pochtadan o‘quvchilarning atigi 11 foizi foydalanar ekan, axborot olish uchun kirganlar esa 16 foizni tashkil qilarkan. Buyuk Britaniyada axloqsiz saytlarga kiruvchi xotin-qizlar 50 foiz ko‘paygan va bu o‘sish sur’ati erkaklarnikiga nisbatan ancha katta. Xo‘sh, O‘zbekistonimizda ahvol qanday? Albatta, hayotimizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari chuqur kirib, internetdan foydalanuvchilar, mobil telefon egalari soni oshib borayotir. Xususan, joriy yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra internetdan foydalanuvchilar soni 122,5 foiz oshib 2,6 millionga yetdi, tarmoqdagi tezlik 2,3 karra ortdi. Vazirlik va idoralarning veb-saytlari orqali ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar hajmi 2,8 marta ko‘paydi. Internet xizmati ko‘rsatadigan xo‘jalik subyektlari soni 921taga yetdi, mingga yaqin jamoaviy foydalanish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. UZ zonasida qayd qilingan domenlar soni 9200 dan oshdi. Lekin bu boshqa mamlakatlarda ahvol chatog‘u bizda muammo yo‘q, degani emas. “O‘rgimchak to‘ri“ga bizning farzandlarimiz ham ilinib qolmayaptimi? Bu jodu ularning miyasini zaharlab, bema’ni o‘yinlarni o‘ynash, mentalitetimizga yot virtual tanishuvlar bilan shug‘ullanishga majburlab qo‘ymayaptimi? Birgina poytaxtimizning o‘zidagi internet-kafelar kuzatilganda quyidagi manzara namoyon bo‘ldi: ularning doimiy mijozlari – o‘smirlar bu yerda asosan jangari o‘yinlar o‘ynaydi. Raqib sifatida jangga kirilganda, yutqazgan pulini to‘laydi. Axloqsiz saytlarga kirgani shu vaqtning o‘zida o‘rtog‘ini “tomosha”ga chaqiradi. Rasman ish vaqtiga amal qilayotgani kam, kafe tunda ham ishlayveradi. Yosh yigitlarning internet-kafega ma’shuqasi bilan borishi urf bo‘layotgani yanada qiziq. Ba’zilarida pivoxo‘rlik, kashandalik avjida. Internetdan zarur ma’lumot olish uchun kafega keladiganlar kam. Bunday mijozlarning odobu muomalasi, kiyinishi ham joyida. Lekin, ming afsuski, ular mijozlarning umumiy miqdorida juda past ko‘rsatkichni tashkil qiladi. Tarozining ikki pallasi bo‘ladi. Internetni taroziga solganda, albatta, foydali pallaning toshi og‘ir chiqadi. Lekin narigi pallani aslo e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Farzandlarimizni nazorat qilmasak, odob-axloqli qilib tarbiyalamasak, oqu qorani ajratishni o‘rgatmasak, yomon yo‘llardan qaytarmasak, tarozining ikki pallasi teng kelib yoxud ikkinchisi bosib ketishi hech gap emas. Shu bois hammamiz bu ishga jiddiy e’tibor qaratmog‘imiz, hamisha hushyor, ogoh va sergak bo‘lmog‘imiz zarur. So‘nggi yangiliklar: Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |