Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.12.2017 17:29 Chop etish versiyasi

Yuqori Chirchiq yoshlarining orzusi ro‘yobga chiqdi

Yuqori Chirchiq yoshlarining orzusi ro‘yobga chiqdi Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yangi qurilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi foydalanishga topshirildi.

“Ozoda maxsus ta’mirlash va rekonstruksiya qilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan davlat dasturiga asosan barpo etilgan yangi sport majmuasida 3 milliard 900 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. 



Majmuadagi zamonaviy sport zallari, xonalar zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Suzish havzasida suvni isitish, tozalash va yangilab turish texnologiyasi o‘rnatildi. Kiyinish, yuvinish xonalari zamonaviy jihozlangan. 



– Ushbu sa’y-harakatlar tumanimizda yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi, – deydi Yuqori Chirchiq tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori o‘rinbosari Zulfiya A’zamova. – Ilgari tumanimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun bunday sharoitlar yo‘q edi. Boshlanayotgan yangi 2018 yildan sport maktabimizda maxsus yillik taqvim rejaga asosan barcha sport turlari bo‘yicha guruhlar o‘rtasida saralash musobaqalarini yo‘lga qo‘yamiz. 



Sport maktabiga qabul qilingan 1 ming 200 dan ziyod o‘quvchiga 36 mutaxassis belgilangan jadval asosida futbol, stol tennisi, voleybol, taekvondo, boks va suzish kabi sport turlari sirlarini o‘rgatmoqda. Endi bu yerda viloyat miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati ham mavjud.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
5 708