O‘zA O`zbek

12.07.2019 20:32 Chop etish versiyasi

Yaponiya Tokio-2020 yozgi olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladi

Yaponiya Tokio-2020 yozgi olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladi

Yaponiya poytaxti Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari boshlanishiga ham bir yildan koʻproq vaqt qoldi. Hozirda butun dunyo sportchilari toʻrt yillikning nufuzli musobaqasiga har tomonlama qizgʻin hozirlik koʻrishmoqda.

Bugun Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida olimpiada oʻyinlariga hamkorlikda tayyorgarlik koʻrish masalalari boʻyicha Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi mutasaddi xodimlari qabul qilindi.

Uchrashuvda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi oʻrinbosari janob Suda Asushi amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar haqida gapirib berdi.

- Yaqinda yurtingizda nishonlangan “Olimpiya kuni”ni koʻrib lol qoldim. Tadbir juda yuqori saviyada tashkillashtirildi. Darhaqiqat, Tokioda ham olimpiada oʻyinlariga juda katta tayyorgarlik ketyapti, shunga yarasha qiziqish ham yuqori. Birgina misol, oʻtgan hafta Olimpiada oʻyinlarining ochilish marosimi uchun sotuvga chiqarilgan chiptalar bir necha soat ichida xarid qilib boʻlindi. Yaqinda Tokio-2020 olimpiadasi tashkiliy qoʻmitasi vitse-prezidenti Toshiaki Endo Oʻzbekistonga tashrif buyurib, Milliy Olimpiya qoʻmitasi faoliyati, oʻzbekistonlik sportchilarning olimpiadaga tayyorgarligini koʻzdan kechirgan edi. Janob Endoning tashrifi davomida nihoyasiga yetmay qolgan muzokaralar bor. Oʻylaymanki, qolgan ishlarni yaqin orada hal qilamiz. Oʻzaro hamkorlik yoʻlida biz dzyudo, karate, voleybol kabi sport turlari boʻyicha yaponiyalik mutaxassislarni Oʻzbekistonga joʻnatishga tayyormiz.

Darhaqiqat, yuqorida sanab oʻtilgan sport yoʻnalishlarida vakillarimiz jahonning ilgʻor mamlakatlaridan ancha ortda qolmoqda. Toʻgʻri, dzyudodagi natijalarimiz yomon emas, ammo ushbu sport turida yaponlardan oʻrganadigan jihatlarimiz bisyor. Karateda ham Yaponiya bizdan ancha ilgarilab ketgan. Voleybol haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin.

Oʻz oʻrnida Rustam Shoabdurahmonov ham bunday keng qamrovli hamkorlik borasida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

- Taklifingiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar va sportimizning kelgusi rivoji uchun juda muhim. Ushbu loyiha boʻyicha Yaponiya elchixonasi va MOQ oʻrtasida ishchi guruh tashkil qilsak-da, imkon qadar tezroq faoliyatni boshlasak. Haqiqatan ham yapon milliy sport turlari sanalgan dzyudo va karate buyuk tarixga ega. Bizning bu borada oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp. Ishlab chiqadigan dasturimizda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil qilish, yetakchi murabbiy va sportchilar, shuningdek, sport tibbiyoti hamda farmakologiya yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislarning oʻzaro tajriba almashishi ham maqsadga muvofiq.

Uchrashuv mobaynida tomonlar Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik bosqichlari, oʻzaro istiqbolli loyihalar va boshqa qator masalalar boʻyicha muzokara olib bordi.

OʻzA
818