Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 16:26 Chop etish versiyasi

Tajribali murabbiya

Tajribali murabbiya Mamlakatimizda qizlarni sportga jalb qilish va xotin-qiz murabbiylarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Kecha sport maydonlarida muvaffaqiyatlarga erishgan ko‘plab sportchi qizlar bugun murabbiya sifatida barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda. Stol tennisi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, O‘zbekiston chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibasi, Respublika oliy sport mahorati maktabining stol tennisi bo‘yicha murabbiyasi Saida Mahmudova ana shunday salohiyatli mutaxassislardan.

Saida to‘qqiz yoshidan taniqli murabbiy Vitaliy Kuzmindan stol tennisi sirlarini o‘rgana boshladi. Mamlakatimiz chempionatlarida o‘z mahoratini oshirib, 1998-yili Butunjahon o‘smirlar o‘yinlarida bronza medal bilan taqdirlandi.

U bir necha marotaba mamlakatimiz chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan. Buxoro va Samarqand viloyatlarida o‘tgan Universiada musobaqalari g‘olibasi, ikki marta yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligi arafasida mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish ishiga qo‘shgan katta hissasi hamda yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, sog‘lom turmush tarzi tamoyillari ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun Saida Mahmudova “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

– Garchi murabbiylik qilayotgan bo‘lsam-da, stol tennisi bilan muntazam shug‘ullanaman, – deydi S.Mahmudova. – Ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab stol tennisini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga harakat qilmoqdaman.

S.Mahmudova Respublika oliy sport mahorati maktabida o‘ttizdan ziyod yoshlarga stol tennisi sirlarini o‘rgatmoqda. Zohid Karimov, Islombek Sultonov, So‘g‘diyona Madaliyeva, Komila Xoliqova, Olga Kim kabi shogirdlari turli nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.

– Ustozimiz yoshlarga stol tennisining nozik jihatlari – sezgirlik va chaqqonlik, tez qaror qabul qila olishni o‘rgatadi, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Zohid Karimov. – Bu xislatlar sportchi uchun juda muhim. Kelajakdagi orzuimiz xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishdir.

Katta natijalarni qo‘lga kiritgan sportchi, tajribali murabbiya S.Mahmudova turmush o‘rtog‘i, bokschi Dilshod Mahmudov bilan farzandlari – o‘n bir yoshli Bilol va yetti yoshli Robiyaning sog‘lom kamol topayotganini ko‘rib, baxtidan quvonchi cheksiz. Bilol otasiga havas qilib boks bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Robiya onasidan stol tennisi sirlari bilan birga taekvondoni puxta o‘rganayotir.

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA
1 941






Все о погоде - Pogoda.uz