Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Suvga sakrash bahslari yakunlandi

Poytaxtimizda suv sporti turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan IX Osiyo chempionatining suvga sakrash bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 oltin, 5 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi kunida sportchilar 10 metrlik platformadan sakrash bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Unda sportchimiz Yuliya Nushtayeva qizlar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar bahsida Botir Hasanov shohsupaning uchinchi pog‘onasini egalladi.

– Osiyo chempionatida men bittadan oltin va bronza hamda ikki kumush medalni ko‘lga kiritdim, – deydi Osiyo chempioni Yuliya Nushtayeva. – Chempionatning har bir balandlikdan sakrash bahslari murosasiz o‘tdi. Unda Xitoy, Hindiston, Qozog‘istondan kelgan sportchilar yuqori tayyorgarlikka ega ekanini ko‘rsatdi. Kelgusida ham nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘lib, Vatanimiz madhiyasini baralla yangratishga bor kuch-g‘ayratimizni bag‘ishlaymiz.

Osiyo chempionatida suzish va suv polosi bo‘yicha bahslar qizg‘in o‘tmoqda.

100 metrga erkin suzish bo‘yicha o‘tgan bahslarda Xurshidjon Tursunov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Aleksey Tarasenko va Alyona Tomina bronza medal bilan taqdirlandi. 200 metr masofaga brass usulda suzgan Fotima Omilova marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi, 50 metrga ushbu usulda suzgan Aleksey Sidorchuk bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning 4x100 metrga estafeta bahslarida o‘g‘il bolalar va qizlar terma jamoalarimiz oltin medalga sazovor bo‘ldi. 100 metrga erkin suzish bo‘yicha aralash estafeta bahslarida ham suzuvchilarimizga teng keladigan topilmadi.

Suv polosi musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi Qozog‘iston termasini 11:5, qizlar terma jamoamiz xitoylik tengdoshlarini 8:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Musobaqalar davom etmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
1 275






Все о погоде - Pogoda.uz