Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 18:15 Chop etish versiyasi

Sport – salomatlik garovi

Gulistonda shunday shior ostida respublika spartakiadasining Sirdaryo viloyati bosqichi o‘tkazildi. Unda 220 havaskor sportchi o‘zaro bahslashdi.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Hududdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarni sportga keng jalb etish, ularni kasb kasalliklaridan sport hamda sog‘lom turmush tarzi yuritish orqali muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan spartakiadaning quyi bosqichlarida 2 mingdan ziyod havaskor sportchi ishtirok etdi.

Stol tennisi, badminton, suzish, shaxmat-shashka bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Javohir Qayumov, Kamol Xudoyberdiyev, Muhiddin Biybolayev, Bekmurod Tojiboyev, Dilshod Murodov, ayollar bahsida Shahnoza Boymurodova, Gulzora Turdimatova, Iroda Alisherova, Nigora Erjigitova, Rahima Mamatova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida Shirin shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.

– Guliston tumanidagi 1-umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlayman, – deydi musobaqa g‘oliblaridan biri R.Mamatova. – Sportning suzish turi bilan shug‘ullanayotganimga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin bellashuvlarga puxta hozirlik ko‘rganim va muxlislarning faol qo‘llab-quvvatlashi g‘alaba qozonishimda muhim ahamiyat kasb etdi.

Musobaqada “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, “Eng mahoratli havaskor sportchi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun”, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
5 341






Все о погоде - Pogoda.uz