Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.04.2017 12:04 Chop etish versiyasi

Osiyoning eng kuchli yosh shaxmatchilari Toshkentda

Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 8-18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi va Osiyo shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’amizning yigirmaga yaqin davlatidan to‘rt yuzga yaqin shaxmatchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda.

Musobaqaning ochilishida mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga yetkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek shaxmat maktabi vakillari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani ta’kidlandi.

– O‘zbekistonda sport rivojiga katta e’tibor qaratilayotganini dunyo sport jamoatchiligi keng e’tirof etmoqda, – deydi musobaqa bosh hakami M.Gopakumar (Hindiston). – Bu mamlakatingiz yosh sportchilarining xalqaro maydonlardagi yuksak g‘alabalarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kishidan yuksak intellektual salohiyat talab qiladigan mazkur sport turi bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatlari, kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari, xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘layotgan iqtidorli shaxmatchilarimiz safi kengayib bormoqda. Ayniqsa, Nafisa Mo‘minova, Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar, Nodirbek Abdusattorov va Bahora Abdusattorova, Islombek va Javohir Sindorovlar, Nodirbek Yoqubboyev va Nilufar Yoqubboyeva singari bir oiladan bir nechta iqtidorli shaxmatchilarning yetishib chiqayotgani quvonarlidir.

2016-yilgi sport mavsumi shaxmatchilarimiz uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida tashkil etilgan jamoaviy Osiyo chempionati – Osiyo millatlari kubogida O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi standart va rapid shaxmat bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yosh shaxmatchilarimiz Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik shaxmat musobaqalarini yuksak saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. Jahon chempionlari Rustam Qosimjonov va Vishvanatan Anand (Hindiston) o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi, Gran-pri musobaqalari, kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlangan jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasidagi xalqaro turnir, birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan “Toshkent open” an’anaviy xalqaro turniri kabi musobaqalar shular jumlasidandir.

Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini Alixon Avazxonov, Xumoyun Begmurodov, Islombek Sindorov, Davlat Mahmudjonov, Oqjo‘l Rahmatullayev, Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Abdimalik Abdisalimov, Saidakbar Saydaliyev, Ortiq Nig‘matov, Afro‘za Hamdamova, Odina Olimova, Zilola Aktamova, Umida Omonova, Maftuna Bobomurodova, Yuliya Xegay, Dilbar Hamroyeva, Asal Salimova, Gulruhbegim Tohirjonova, Bahora Abdusattorova, Nilufar Yoqubboyeva kabi iqtidorli shaxmatchilarimiz himoya qilmoqda.

Bayram Aytmurodov, Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
559






Все о погоде - Pogoda.uz