O‘zA O`zbek

06.07.2018 11:23 Chop etish versiyasi

O‘smirlar olimpiya o‘yinlariga 29ta yo‘llanma – rеkord natija bu

O‘smirlar olimpiya o‘yinlariga 29ta yo‘llanma – rеkord natija bu Shu kungacha Buenos-Ayresda o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekistondan boruvchi yo‘llanmalar soni 26 tani tashkil etib turgandi. Kechadan beri yana uchta yo‘llanma qo‘lga kiritildi.

Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi kechadan beri uchta yo‘llanmani hal etishdi. Kecha ikki nafar hamyurtimiz - Regina Adashboyeva (bosqon uloqtirish) va Roksana Xudoyorova (uchxatlab sakrash) belgilangan me’yorlarni bajarib, Buenos-Ayres yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan edi. Bugun esa bosqon uloqtirish bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Umid Hasanov 64.89 metr natija ko‘rsatib, O‘zbekiston sport delegatsiyasi safiga yana bir litsenziyani qo‘shib qo‘ydi va o‘smirlar Olimpiya o‘yinlaridagi rekordimizni yangiladi.
Ma’lumot uchun: bungacha O‘zbekiston sport delegatsiyasi 2010-yilgi Singapur Olimpiadasida 21 nafar, 2014-yilgi Nankindagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida 28 nafar sportchi bilan ishtirok etgandi.
Bugun-erta yo‘llanmalar soni yanada ortishi ehtimoli yuqori. Sababi, yengil atletikachilarimiz musobaqadagi ishtiroklarini hali yana davom ettirishadi. Qolaversa, iyul oyida hamyurtlarimiz sportning suzish, dzyudo va tennis kabi turlari bo‘yicha yirik musobaqalarda qatnashishadi. Va albatta, ularda ham Buenos-Ayres yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlari bor.

Oybek Yunusov, O'zA
3 740