Namangan shahridagi yangi stadion
Namangan shahridagi futbolga ixtisoslashtirilgan 15-davlat maktab-internatida yangi barpo etilgan mini-futbol stadioni foydalanishga topshirildi.
Namangan shahridagi futbolga ixtisoslashtirilgan 15-davlat maktab-internatida yangi barpo etilgan mini-futbol stadioni foydalanishga topshirildi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va Namangan shahar hokimligi mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, sportchilar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda sport, xususan, futbol, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy stadionlar barpo etish, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan bolalar sportini rivojlantirish davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotgani yutuqlarimiz asosidir, – deydi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Namangan viloyatidagi vakili Sh.Qoraboyev. – O‘tgan yillarda viloyatimizda ham o‘nlab zamonaviy sport inshootlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari barpo etildi. Ularda toblanayotgan yoshlar orasidan qit’a va jahon chempionlari, Olimpiada sovrindorlari yetishib chiqmoqda. Mazkur stadion ham yoshlar uchun mana shunday bosqich vazifasini o‘taydi.
“Stadion stroy” xususiy korxonasi tomonidan qurilgan mini- stadion taniqli futbolchi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi Odil Ahmedovning beg‘araz homiyligida barpo etildi.
– Men ham futbol bo‘yicha ilk saboqni shu maktab-internatda olganman. Sportda erishgan yutuqlarimda bu yerdagi ustoz-murabbiylarning xizmatlari katta, – deydi O.Ahmedov. – Futbolimizning kelajagi shu kabi boshlang‘ich sport maktablarida o‘qiyotgan ukalarimizga bog‘liq. Ishonaman, bunday maktablardan kelgusida milliy futbolimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltiradigan yoshlar yetishib chiqadi.
Tadbirda maktab-internat tarbiyalanuvchilari uchun mashhur futbolchining to‘p va sport kiyimlaridan iborat sovg‘alari topshirildi.
Marosimda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi