O‘zA O`zbek

12.07.2019 19:24 Chop etish versiyasi

“Milliy” stadionining chimi qachon yaxshilanadi?

“Milliy” stadionining chimi qachon yaxshilanadi?

Shu savolga javob izlagan futbolimiz mutasaddilari “Milliy” stadionga tashrif buyurdi

Oʻzbekistonning bosh arenasi sanaluvchi “Milliy” stadion maydoni masalasi ancha vaqtdan buyon yechim topmay kelayotgani barchaga maʼlum. Ilgari “Bunyodkor” stadioni deya nomlangan mazkur muhtasham oʻyingoh maysasining talabga javob beradigan holatga kelmayotgani futbol muxlislari va mutaxassislarini birdek tashvishga solmoqda. Vaholanki, stadionda yil boshidan beri xorijiy mutaxassislar tomonidan katta koʻlamdagi ishlar olib borilmoqda.

Avvaliga stadionning eski maysasi kavlab, olib tashlandi. Oʻrniga xorijiy va mahalliy, foydali oʻgʻitlar bilan aralashtirilgan tuproq tashlandi. Keyin xorijdan keltirilgan, xalqaro andozalarga javob beruvchi urugʻ ekildi. Uch-toʻrt oy davom etgan parvarishlash ishlari ham xorijlik mutaxassislar tomonidan olib borildi. Aynan mutaxassislarning ruxsati bilan stadionda oʻtgan oyda ikkita xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazildi – milliy termamiz Suriya va KXDR termalarini shu stadionda qabul qildi. Maʼlum boʻldiki, maydon maysasi hali “pishib” ulgurmagan ekan. Avvaliga u yer-bu yeri koʻchgandek boʻldi, keyin maysaning siyraklashish holati kuzatildi. Xorijiy mutaxassislar parvarishni hali biz koʻrmagan, duch kelmagan usullar bilan davom ettirishdi – katta oʻlchamdagi maysa usti qora toʻr bilan toʻsilib, quyosh tigʻidan himoyalantirildi, atrofga 10-15 dona, kattaligi 2-3 tonnali bochkani eslatuvchi varraklar (ventilyatsiya) oʻrnatilib, havoning aylanish tizimi yaratildi, maysa tinimsiz sugʻorildi. Shularning bari ham koʻngilga taskin bermayotgandek edi goʻyo.

Shuning uchun ham stadion chimi holatini koʻzdan kechirish, mavjud muammo va kamchiliklar nimalardan iborat ekanini bilish maqsadida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati “Milliy” stadionda boʻlib, maydon chimini yangilash bilan shugʻullanayotgan Turkiyaning “Iren” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv chogʻida Ravshan Ermatov stadion maysasi yangilangan, tinimsiz parvarishlanayotgan boʻlsa-da nima uchun hamon talab etilgan holatga kelmayotgani va mazkur muammoni bartaraf etish uchun qanday choralar koʻrilishi lozimligi borasida turk mutaxassislarining fikri bilan qiziqdi.

Uchrashuvda chimni yurtimiz iqlimiga toʻliq moslashishi hamda xalqaro standartlarga javob beradigan boʻlishi uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar muhokama etildi.

Oybek YUNUSOV, OʻzA
850