O‘zA O`zbek

10.07.2019 12:21 Chop etish versiyasi

“Lokomotiv”da nima gaplar?!

“Lokomotiv”da nima gaplar?!


O‘zbek futbolida joriy yilning eng shov-shuvli voqealaridan biri sifatida taniqli mutaxassis Samvel Babayanning “Lokomotiv”ga bosh murabbiy etib tayinlanganini aytish mumkin.

 

Babayanning ilk o‘yinida temiryo‘lchilar o‘z maydonida “So‘g‘diyona” klubini 2-0 hisobida mag‘lub etishdi. Shu tariqa O‘zbekiston superligasida 1-davra o‘yinlari yakunlanib, jamoalar qisqa ta’tilga chiqishdi.

 

Biroq, oldinda “Loko”ni Liga kubogi doirasida “Qo‘qon-1912” va “Paxtakor”ga qarshi muhim o‘yinlar kutib turardi. Qizig‘i, mazkur o‘yinlarda Samvel Vyacheslavovich asosiy tarkib futbolchilariga dam berdi va to‘lig‘icha yoshlarga tayandi. Hattoki mazkur uchrashuvlarda asosiy tarkibning to‘laqonli a’zosi bo‘lmagan o‘yinchilar xizmatidan ham foydalanilmadi. Natija esa o‘zingizga ma’lum: Qo‘qondagi yirik mag‘lubiyat hamda “Paxtakor” bilan kechgan prinsipial o‘yinda minimal hisobda imkoniyatning boy berilishi oqibatida “Lokomotiv” yana bir sovrin uchun kurashish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi.

 

O‘zi shundoq ham temiryo‘lchilar OChL bilan erta xayrlashib, O‘zbekiston superligasida prinsipial raqibi “Paxtakor”dan sezilarli farq bilan ortda qolishmoqda. Mamlakat kubogi bahslarida esa jamoa qayoqqacha boradi, noma’lum.

 

Xullas, Liga kubogi “Loko”ga mavsumni

hech bo‘lmasa qandaydir sovrin bilan yakunlash yo‘lidagi bir vosita edi.

Ammo, ular shu imkonni ham qo‘ldan chiqarishdi.

 

Liga kubogida temiryo‘lchilar to‘liq Yoshlar ligasidagi tarkib bilan ishtirok etishgani esa klub atrofidagi gap-so‘zlarni yanada ko‘paytirdi. Emishki, Babayan “Lokomotiv” tarkibini to‘liq yangilaydi, o‘z qarashlari va prinsipiga mos kelmaydigan futbolchilarga javob beradi... Ammo, klub matbuot xizmati bu mish-mishlarni inkor qildi. Shunchaki “Loko”ning yetakchilari o‘tgan mavsumdan beri dam olmagani, ya’ni 2018 yilgi superliga bahslari yakunlangani hamonoq milliy terma jamoa ixtiyoriga yo‘l olishgani, keyin Osiyo kubogidagi ishtirok, buyog‘i esa yangi mavsum tayyorgarligi va rasmiy o‘yinlar...

 

Xullas, jamoaning yetakchi o‘yinchilari ko‘pdan beri jismoniy toliqqan holda to‘p tepishayotgan edi. Buni o‘z vaqtida ko‘ra bilgan Samvel Babayan ularga dam berishga qaror qildi. Maqsad – mavsumning hal qiluvchi qismiga tetik va bardam holda yetib kelish.

 

Ammo, “shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”.

Davralar oralig‘ida “Loko”ga bir qator yangi futbolchilar kelishi ham ehtimoldan holi emas.

 

Dastlabki nomzod – mamlakat milliy va olimpiya terma jamoalari a’zosi Oston O‘runov. “Navbahor” yetakchisi allaqachon namanganliklar bilan xayrlashib ulgurdi. Katta ehtimol bilan u temiryo‘lchilar libosini kiyadi. Qolaversa, Liga kubogi doirasida “Paxtakor” bilan o‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Babayan “Loko”ning har bir chizig‘iga yangi futbolchilar kerakligini ta’kidladi. Shunday ekan, jamoada yana boshqa yangi futbolchilar ham paydo bo‘lsa ajabmas.

 

O‘z navbatida temiryo‘lchilar tarkibini ayrim o‘yinchilar tark etishi kutilmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra AGMK jamoasi “Lokomotiv”ning bir guruh futbolchilariga qiziqmoqda. Bu tabiiy, zero bir necha yildan beri olmaliqliklar “Loko”ga futbolchi yetishtirib beruvchi asosiy klubga aylangandi. Ehtimol endi temiryo‘lchilarning gali kelgandir, qiyin vaziyatga tushib qolgan olmaliqliklarni qo‘llab-quvvatlash borasida.

 

Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.


O.EShMAMATOV, O‘zA
527