Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 19:25 Chop etish versiyasi

Kurashning Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgani rasman e’lon qilindi

Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tayotgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari doirasida Osiyo Olimpiya kengashi Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator muhim masalalar bilan birga kurashning 2018-yili Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan XVIII Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgani rasman e’lon qilindi.

Kurash asrlar davomida xalqimizning eng ommaviy va sevimli milliy o‘yinlari qatorida e’zozlanib, milliy bayram, to‘y va sayllarda namoyish etilgan. Surxon, Zarafshon vohalari, Farg‘ona vodiysi, Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy darasi hamda qator qadimgi aholi manzilgohlarida aniqlangan noyob topilmalar, asori atiqalar, qoyatoshlarga bitilgan tasviriy san’at namunalari kurashning uch ming yillik tarixga ega ekanidan dalolat beradi.

Milliy qadriyatimiz istiqlol tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi, jahon uzra keng tarqalib, turli millatlarga mansub millionlab kishilarning sevimli sport turiga aylandi.

Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov sovrini uchun Shahrisabzda Amir Temur, Termiz shahrida Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlab xalqaro turnirlar tashkil etildi. 1992-1998-yillarda Janubiy Koreya, Kanada, Yaponiya, Hindiston, Amerika, Rossiya kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan yirik sport anjumanlarida o‘zbek kurashi keng namoyish qilindi. Natijada jahon hamjamiyati 1998-yil 6-sentabr kuni o‘zbek kurashini xalqaro sport turi sifatida rasman e’tirof etdi. Osiyo, Yevropa va Amerikaning 28 davlati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ta’sis kongressida Kurash xalqaro assotsiatsiyasiga asos solindi.

Bugun dunyoning yuz yigirmadan ortiq davlatida kurash keng ommalashmoqda. Kurash bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuksak saviyada tashkil etilayotir. Bu musobaqalarda dunyoning barcha qit’asidan nomdor polvonlar o‘zbekona kamtarlik va mardonavorlik bilan ta’zim qilib, gilamga chiqmoqda, davra aylanib, kurash tushmoqda. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya kurash konfederatsiyalari tomonidan kurashning jahondagi nufuzini yanada oshirish, uni kelajakda yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

– Osiyo olimpiya kengashi tomonidan har to‘rt yilda tashkil etiladigan va qit’a olimpiadasi sifatida e’tirof etilgan yozgi Osiyo o‘yinlari nufuzi va ahamiyati jihatidan Olimpiya o‘yinlaridan keyingi muhim musobaqadir. Unda qit’amizning deyarli barcha mamlakatlaridan minglab sportchilar ishtirok etadi. Shu bois mazkur o‘yinlar dasturidan jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega, barcha qit’alarda rivojlanib borayotgan sport turlari joy oladi, – dedi Kurash xalqaro assotsiatsiyasi matbuot kotibi Jamshid Namozov. – Kurashning XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilishi bu yo‘nalishda zalvorli qadam qo‘yilganidan, uning xalqaro sport hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotganidan dalolatdir.

XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqalari sakkizta vazn toifasida o‘tkaziladi. Erkaklar 66, 73, 81, 90 kilogrammgacha, 90 va undan ortiq, xotin-qizlar esa 52, 63, 78 kilogrammgacha vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashadi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
2 013






Все о погоде - Pogoda.uz