Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2017 17:41 Chop etish versiyasi

Samarqandda eng kuchli havaskor sportchilar aniqlandi

Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan viloyatdagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar o‘rtasida “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida spartakiada o‘tkazildi.

Aholi o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish va shu orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan musobaqaning tuman, shahar bosqichlarida 4 ming 500 xodim voleybol, stol tennisi, badminton, shaxmat-shashka va boshqa sport turlari bo‘yicha bellashdi. Ular orasidan saralangan 250 ishtirokchi viloyat bosqichida o‘zaro bahslashdi.

– Sog‘lom turmush tarzi asosi jismoniy barkamollik sanaladi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi M.Boboyorov. – Shu bois bugungi kunda korxona va tashkilotlarda boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan sport musobaqalari o‘tkazish an’anaga aylandi. Mazkur spartakiada ham bu boradagi ishlar sirasidan. Salomatlikka xizmat qiluvchi sport tadbirlari ishtirokchilarining aksariyatini xotin-qizlar tashkil etgani oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, “sog‘lom onadan – sog‘lom farzand” tamoyilini hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasida shaxmat-shashka musobaqalarida Ishtixon tumanidan X.Tursunov, Tayloq tumanidan D.Hasanova birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, stol tennisi bahslarida Pastdarg‘om tumani vakili J.Ismoilov, Tayloq tumanidan X.Hamroqulovaga teng keladigani topilmadi. Bandminton bo‘yicha Samarqand shahridan M.Ne’matov va Oqdaryo tumanidan Ch.Pardayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘n olti jamoa ishtirok etgan ayollar o‘rtasidagi voleybol musobaqasida Ishtixon tumani tashkilotlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar birinchi o‘rinni egalladi.

Ishtirokchilar “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng mahoratli havaskor sportchi”, “G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi uchun” nominatsiyalari bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 212






Все о погоде - Pogoda.uz