O‘zA O`zbek

10.07.2019 16:37 Chop etish versiyasi

Hamyurtimiz Vohidjon Najmiddinov Osiyo Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish federatsiyasi prezidenti etib saylandi

Hamyurtimiz Vohidjon Najmiddinov Osiyo Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish federatsiyasi prezidenti etib saylandi

Yaqinda Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tashkilotning ta’sis Konferensiyasida hamyurtimiz shunday nufuzli lavozimga saylandi.

Tosh ko‘tarish bo‘yicha o‘z davrida har qanday yirik xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan, mamlakatimizda sportning yangi, antiqa turi – Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarishni ommalashtirish va rivojlantirishda bosh-qosh bo‘lgan Vohidjon Najmiddinov bu sohadagi bilim va tajribalari bilan xalqaro darajadagi mutaxassislarning ham hurmatini qozondi, ishonchiga kirdi.

photo5271592861852347238.jpg

O‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro turnirlardagi munosib ishtiroki hamda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishishi, shu bilan birga mamlakatimizda mazkur sport turi bo‘yicha Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarni yuqori saviyada tashkil eta olishi bilan xalqaro tashkilot e’tiboriga tushdi.

photo5271530030775774135.jpg

Birgina misol, yaqinda ochiq osmon ostidagi muzey shahar – Xivadagi Ichan qal’aning “Ko‘hna Ark” maydonida Paxlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish bo‘yicha 1-xalqaro ochiq turnir hamda 1-Osiyo ochiq chempionati o‘tkazildi. Unda Hindiston, Eron, Turkiya, Pokiston, Latviya, Rossiya kabi jahonning yigirmaga yaqin mamlakatidan eng kuchli polvonlar ishtirok etdi.

photo5271530030775774134.jpg

Shu kabi yutuqlarini inobatga olgan Jahon Xalqaro Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish federatsiyasi mutasaddilari Xivada o‘tgan xalqaro turnir doirasidagi ta’sis Konferensiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish federatsiyasi prezidenti Vohidjon Najmiddinovni mazkur tashkilotning Osiyo miqyosidagi federatsiyasi rahbarligiga saylashdi. 
Tashkilotga Bosh kotiblik vazifasi qirg‘izistonlik Shamil Yagaliev zimmasiga yuklatildi.

Oybek YuNUSOV, O‘zA
456