Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 12:34 Chop etish versiyasi

Go‘zallik va salomatlik asosi

Yosh avlodning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishida sportning o‘rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirishga, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga e’tibor qaratilib, zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyati bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har yili yurtimiz shaharu qishloqlarida zamonaviy sport inshootlari qurilib, ommaviy sportni rivojlantirish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Samarqand viloyatida 2003-2016-yillarda 300 ga yaqin sport inshooti, bolalar musiqa va san’at maktabi qurildi, rekonstruksiya qilindi. O‘tgan yili jamg‘arma hisobidan 45 milliard 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, 47 sport inshooti, 2 bolalar musiqa va san’at maktabi bunyod etildi. Ularning aksariyati, ya’ni 44 tasi qishloq joylarda qad rostlagani yanada e’tiborlidir.

– Qurilish ishlarining sifati zamon talablarida bo‘lishi, avvalo, loyiha tashkilotlari va ularning xodimlari malakasiga bog‘liq, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Samarqand viloyati filiali direktori H.Samandarov. – Shu maqsadda viloyatdagi loyihalashtirish institutlarining 14 tasi bolalar sporti obyektlari loyihasini ishlab chiqish uchun tanlab olingan. Ular tomonidan yaratilgan loyihalar arxitektura va shaharsozlik kengashi muhokamasidan o‘tgach, qurilish bo‘yicha tender tanlovlariga ruxsat berilmoqda. Inshootlarning sifatli qurilishi va o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlashda jamoatchilik nazoratining yo‘lga qo‘yilgani ham yaxshi samara bermoqda. O‘tgan yili barcha qurilish ishlari jamoatchilik vakillari tomonidan kuzatilib, obyektlar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirildi. Joriy yilda qurilish va rekonstruksiya qilinishi belgilangan 54 sport zali, 3 bolalar musiqa va san’at maktabi, bitta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, bitta yopiq suzish havzasi loyihasini tayyorlash, qurilish tashkilotini tanlashda ham ushbu mezonlar asos qilib olindi.

Yangi bunyod etilayotgan hamda mavjud sport inshootlarini zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida ayni paytda viloyatdagi “Stekloplastik”, “Zulfiya”, “Otabek”, “El xolding” korxonalarida xalqaro standartlarga javob beradigan 75 turdagi sport jihozlari va uskunalari ishlab chiqarilmoqda. “Amin Invest Interneyshnl”, “8-mart”, “Zamon tekstil eksport” singari korxonalarda esa sifatli va arzon narxlarda sport liboslari tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyatda sport inshootlaridan samarali foydalanilayotgani tufayli bugungi kunda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 60 foizi sport bilan shug‘ullanmoqda. Jumladan, umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan 272 mingga yaqin qizning 58 foizi sport bilan mashg‘ul. Sport zallarining kunlik foydalanish samaradorligi 10,5 soatni tashkil etadi.

Haftaning shanbasi sport inshootlarida xotin-qizlar uchun ochiq eshiklar kuni, deb belgilangan. Shu kuni majmualarda faqat xotin-qizlar sport bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ayniqsa, suv havzalaridan foydalanayotgan qizlar safi kengayib bormoqda.

Bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasini farzandlarimizning jismoniy rivojlanishi va salomatligi yaxshilanib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2004-yilda 10 yoshdagi o‘g‘il bolalarning o‘rtacha bo‘yi 132 santimetr bo‘lgan bo‘lsa, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 135,9 santimetrga yetgan, qizlarning bo‘yi esa 132 santimetrdan 136 santimetrga o‘sgan. Shu bilan birga, 2004-yilga nisbatan sog‘lom bolalar 10 foizga oshib, 66 foizni tashkil qilgan hamda har 100 ming bolada o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanish 31 foizga, skolioz kasalligi 24 foizga kamaygan.

Bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar farzandlarimizning jismonan va ma’nan sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qilishi barobarida, iste’dodli sportchilarni kashf etish, ularning xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishishi yo‘lida keng imkoniyatlar yaratmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 460






Все о погоде - Pogoda.uz