Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.07.2018 13:01 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Uch o‘yindan ikkitasini boshqargan hakamlar hakamlikdan vaqtinchalikka chetlatildi

FUTBOL: Uch o‘yindan ikkitasini boshqargan hakamlar hakamlikdan vaqtinchalikka chetlatildi
Kecha, Pepsi Superliganing 16-tur doirasidagi so‘nggi uch o‘yini o‘tkazildi. Unda mezbonlarning bitta va mehmonlarning ikkita g‘alabasi kuzatildi. E’tiborli jihati, uch o‘yinni boshqargan uch hakamdan ikkitasi O‘FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi qaroriga ko‘ra noma’lum muddatlarga hakamlikdan chetlatildi.

“Qizilqum”ni o‘z maydonida qabul qilgan “Bunyodkor” uchrashuv boshlangach sakkiz daqiqa o‘tib va uchrashuv yakuniga yana sakkiz daqiqa qolganida kiritilgan gollar evaziga navoiyliklar ustidan g‘alaba qozondi. 
“Qo‘qon-1912” va “So‘g‘diyona” jamoalari esa o‘z muxlislari qarshisida to‘p surishlariga qaramay, ochko yo‘qotishdi. Qo‘qonliklar amaldagi chempion “Lokomotiv”ni qabul qilishdi. Sadriddin Abdullayevning uzoq masofadan, kuchli zarba bilan tepgan to‘pi darvozaga chiroyli tarzda kirdi. Shu tarzda hisob ochildi. Ko‘p o‘tmay bosh hakamning mehmonlar darvozasiga belgilagan shubhali penaltisini Murod Xolmuhammedov bexato bajardi. Vaholanki, o‘yin boshidanoq qo‘qonliklar mehmonlar o‘yinchisiga qo‘pollik ishlatgani uchun belgilangan penaltini “Lokomotiv” a’zolari amalga oshira olishmagandi. Uchrashuv tugashiga sanoqli daqiqalar qolganida esa poytaxtliklarning yetakchi vakili Sardor Rashidov ikki himoyachi qurshovida bo‘lishiga qaramay ularni aldab, darvozani nishonga oldi.
“So‘g‘diyona” ham o‘z maydonida “Metallurg”dan yengildi. Zohid Abdullayevning birinchi bo‘lim oxirlarida kiritgan goli yagonaligicha qoldi va bekobodliklarning g‘alabasini ta’minladi.

4b0dd398-1b57-4fa0-a29f-ac8155f045b7.jpg

O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Pepsi Superliganing 16-tur o‘yinlariga tayin qilingan ikki nafar hakam faoliyatidan chetlashtirildi. “So‘g‘diyona” - “Metallurg” o‘yinida ishlagan Aziz Asimov hamda “Qo‘qon-1912” - “Lokomotiv” uchrashuvini boshqarib borgan Ilgiz Tantashev Superliga hamda Pro-liga o‘yinlariga qo‘yilmaydigan bo‘ldi. Aniqlanishicha, ular bellashuvlar natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi bir qancha xatolarga yo‘l qo‘ygan. Bahslar yakunlangach, har ikkala o‘yin nazoratchilari hakamlar harakatini past baholagan hamda o‘yinlar videoyozuvini ko‘rib chiqishni so‘rab Hakamlar qo‘mitasiga murojaat qilgan. Qo‘mita mazkur ikki uchrashuvni tahlil qilib, Asimov hamda Tantashevni noma’lum muddatga safdan chiqargan. 

9daa06a8-d660-428c-9f69-73f5dd4e1d47.jpg

O‘zPFL matbuot xizmati yana shuni ta’kidlaydiki, hakam va nazoratchilar uchun talablar oshirilgan, shuningdek, yosh hakamlar yetishib chiqayotganidan kelib chiqib, bu borada raqobat o‘sib bormoqda. Endilikda o‘z ustida ishlamayotgan yoki o‘yinlarda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yayotgan hakamlarni almashtirish uchun imkoniyat mavjud. Faoliyatida tanaffus yuzaga kelayotgan hakamlar o‘z ustida ishlashda davom etadi. Ular ishiga qaytishi uchun sinovlardan qayta o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

16-tur. 9-iyul.

“QO‘QON-1912” – “LOKOMOTIV” - 1:2 
Gollar: Murod Xolmuhammedov (59-pen.) - Sadriddin Abdullayev (36), Sardor Rashidov (87).

“SO‘G‘DIYONA” – “MЕTALLURG” - 0:1
Gol: Zohid Abdullayev (41).

“BUNYODKOR” – “QIZILQUM” - 2:0 
Gollar: Javlon Ibrohimov (8-pen.), Filip Rayevas (82).

16-turdan keyin turnir jadvalini hamon “Paxtakor” jamoasi 33 ochko bilan boshqarib bormoqda. Ikkinchi o‘rinda borayotgan “Bunyodkor” jamoasida 29 ochko bor, uchinchidagi “Navbahor” esa “Bunyodkor”dan atigi bir ochko ortda qolmoqda. Keyingi o‘rinlar “Lokomotiv” (25 ochko), “Buxoro” (25 ochko), “Metallurg” (23 ochko), “Nasaf” (19 ochko), “Qizilqum” (16 ochko), “Qo‘qon-1912” (15 ochko), AGMK (14 ochko) jamoalariga tegishli. Musobaqa jadvalining autsayderlari esa “So‘g‘diyona” (12 ochko) hamda “Neftchi” (7 ochko) jamoalari bo‘lib turishibdi.

Chempionat to‘purarlar karvonini xorijlik futbolchilar boshqarib borishyapti. Ismoil Gonsalvesh (“Paxtakor”), Tiago Bezerra (“Paxtakor”) va Elguja Grigalashvili (“Qizilqum”) hisobida 7 tadan to‘p bor.

Oybek Yunusov, O'zA
2 688