Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2017 16:12 Chop etish versiyasi

"Dinamo" uchinchi turda ham g‘alaba qozondi

O‘tgan hafta futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati oliy ligasining ikkinchi turidan joy olgan uchrashuvlar yakunlandi va uchinchi turning dastlabki bahsi bo‘lib o‘tdi.

Ikkinchi tur doirasida "Lokomotiv" "So‘g‘diyona"ni (3:0), "Dinamo" "Sho‘rtan"ni (3:0), "Nasaf" esa "Buxoro"ni (2:1) mag‘lubiyatga uchratgani, "Neftchi" – "Paxtakor", "Olmaliq" – "Bunyodkor" o‘yinlarida durang natija qayd etilgani haqida avval xabar bergan edik.

Ikkinchi turning qolgan uchrashuvlarida «Obod» jamoasi “Qo‘qon – 1912” klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. O‘n oltinchi daqiqada qo‘qonliklar Filip Rayevatsning goli evaziga hisobni ochgan bo‘lsa, 62-daqiqada Navro‘zbek Xaipov hisobni tenglashtirdi.

“Mash’al” – “Metallurg” bahsida muborakliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Zohir Qo‘ziboyev 50-daqiqada raqib darvozasiga to‘p kiritib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.

«Qizilqum» o‘z maydonida «Navbahor» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritdi. "Qizilqum"ning gollariga Azamat Allaniyozov va Ilhom Yunusov mualliflik qilgan bo‘lsa, "Navbahor"ning yagona javob golini Mansur Saidov kiritdi.

12 mart kuni oliy liganing uchinchi turidan joy olgan "Paxtakor" va "Dinamo" o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Keskin va murosasiz bahsda samarqandliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. 89-daqiqada Radu Rogak poytaxtliklar darvozasini aniq nishonga oldi.

Uchinchi turning qolgan o‘yinlari 18 mart kuni o‘tkaziladi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
550






Все о погоде - Pogoda.uz