Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 15:11 Chop etish versiyasi

Chempion bo‘lishni maqsad qilgan qiz

Chempion bo‘lishni maqsad qilgan qiz To‘qqiz yoshli Afruza Sattorova har kuni ertalab maktabga shoshadi. Darsdan so‘ng o‘zi sevgan mashg‘ulot – badiiy gimnastika bilan shug‘ullanadi.

Sportga mehr qo‘ygan qizlar sog‘lom, ruhan tetik, irodasi mustahkam, kelajakda hayotning turli sinovlarini yengib o‘tishga qodir bo‘lib voyaga yetadi. Qizlarning sport bilan shug‘ullanishi nafaqat salomatligida, ayni paytda qaddi-qomati to‘g‘ri shakllanishida, ma’naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Qizim televizorda badiiy gimnastikachilarimiz bajargan kompozitsiyalarga, nozik harakatlar va chiroyli qadam tashlashga havas qilar, ko‘rgan mashqlarini uyda o‘zicha takrorlab yurardi, – deydi Afruzaning onasi Zuhra Erkaboyeva. – U olti yoshga kirishi bilan badiiy gimnastika to‘garagiga olib bordim. Ilgari tez-tez shamollab, behol bo‘lib yurar edi. To‘garakka qatnay boshlaganidan keyin salomatligi sezilarli darajada yaxshilandi. Afruza kichkina bo‘lishiga qaramay, o‘z ustida ishlayotganini ko‘rib, sportning bolalar kamolotida qanchalik muhim o‘rin tutishini yana bir bor angladim.

– Farzandining sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi har bir ota-onaning maqsadi, – deydi badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiya Ma’mura Tangriyeva. – Bu jarayonda bolalarni yoshligidan sportga oshno etib tarbiyalash ular uchun muhim ahamiyatga ega. Badiiy gimnastikada jismoniy tarbiya, sport, musiqa kabi farzand tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadigan vositalar mujassam. Ushbu sport turi qizlarni epchil va nozik harakat qilishga, qat’iy kun tartibiga, ovqatlanish madaniyatiga o‘rgatadi. O‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, qomat go‘zalligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Garmoniya Elit” bolalar-o‘smirlar sport klubida ikki yuzdan ortiq qizga badiiy gimnastikaning sir-asrorlari o‘rgatiladi. Bu yerda ular vaqtni mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Klub tarbiyalanuvchilarining gimnastikaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar, konsertlar o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda bolalar sportini, ayniqsa, sportning qizlarga mos turlarini jadal rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida badiiy gimnastika tobora ommalashmoqda. Bu imkoniyatdan samarali foydalanib, o‘z malaka va mahoratini oshirayotgan yoshlar turli nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda.

Shu o‘rinda “Garmoniya Elit” bolalar-o‘smirlar sport klubi tarbiyalanuvchilari erishayotgan muvaffaqiyatlarni ta’kidlash lozim. Maktab tarbiyalanuvchilari Muslima Karimova, Yasmina Mirzayorova, Alika Dzyurich, Zarina Badriddinova, Fozila Abdurasulova va Bahor Orifova Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston singari qator davlatlarda o‘tgan xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan.

– Men mamlakatimiz va xalqaro maydonlardagi musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan gimnastikachilar bilan birga shug‘ullanayotganimdan xursandman, – deydi Afruza Sattorova. – Mashg‘ulotlar davomida ularning har bir xarakatini kuzatib, mashqlarni ular kabi bajarishga harakat qilaman. Kelajakdagi orzuim Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqish va O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish. Buning uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

Javohir Toshxo‘jayev, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
1 776






Все о погоде - Pogoda.uz