Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2017 10:23 Chop etish versiyasi

Bokschilarimizning muhim g‘alabasi

Bokschilarimizning muhim g‘alabasi Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasi boks bo‘yicha nufuzli turnir – Butunjahon boks seriyasi (WSV)ning VII mavsumi bahslariga mezbonlik qildi. Unda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “Uzbek Tigers” jamoasi Rossiyaning “Patriot boxing team” jamoasi bilan kuch sinashdi.

4 mart kuni bayramona bezatilgan muhtasham sport majmuasida nufuzli musobaqaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.

Musobaqaning ochilishida O‘zbekistonda sport, jumladan, boks jadal rivojlanayotgani alohida ta’kidlandi. Bu sportchilarimizning nufuzli musobaqalarda ulkan g‘alabalarga erishayotganida, mamlakatimizda yirik xalqaro sport anjumanlari yuqori saviyada tashkil etilayotganida yaqqol namoyon bo‘layotir.

O‘zbekiston boks federatsiyasi iqtidorli sportchilarni aniqlab, ularning mahoratini yanada oshirish maqsadida mamlakatimizda turli musobaqalar o‘tkazmoqda. Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) bilan hamkorlikda Butunjahon boks seriyasi yo‘nalishi bo‘yicha hamda yarimprofessional bokschilar (ARV) yo‘nalishi kabi turnirlar o‘tgan yillar davomida ko‘plab yosh bokschilarni kashf etishga xizmat qildi.

“Uzbek Tigers” va “Patriot boxing team” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlarda bokschilarimiz nimalarga qodirligini yana bir karra isbotladi.

Bellashuvlarning 56 kilogramm vazn toifasida Abdulhay Shorahmatov va Dmitriy Sharafutdinov, 64 kilogrammda Elnur Abduraimov va Radmir Abdurahmonov, 75 kilogrammda Isroil Madrimov va Rajab Rajabov, 91 Zuhriddin Mahkamov va Islom Tekeyev, 49 kilogrammda Hasanboy Do‘smatov va Bator Sagaluyev g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

Besh vazndagi janglarning barchasi keskin va shiddatli tarzda o‘tdi. “Uzbek Tigers” jamoasi “Patriot boxing team” 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

– Bugun jamoamiz bilan g‘alabaga erishganimizdan xursandmiz, – deydi Hasanboy Do‘smatov. – Rossiya bokschilari yuqori saviyada jang olib bordi. Biz murabbiylarimizning aniq ko‘rsatmalari va g‘alabaga bo‘lgan intilishimiz tufayli muvaffaqiyat qozondik. Kelgusi bahslarda ham yuqori natijalarga erishish uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz.

“Uzbek Tigers” jamoasi 18 mart kuni Xitoyning “China Dragons” jamoasi bilan bellashadi.

Bayram Aytmurodov, Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA
2 648






Все о погоде - Pogoda.uz