O‘zA O`zbek

10.07.2019 12:01 Chop etish versiyasi

Afrika Millatlar kubogi-2019da bugun chorak final boshlanadi

Afrika Millatlar kubogi-2019da bugun chorak final boshlanadi
Afsuski o‘z vatanida o‘tayotgan musobaqani Saloh endi muxlislar qatorida kuzatadi.

Misr davlati mezbonlik qilayotgan Afrika Millatlar kubogi-2019 hal qiluvchi pallaga kirdi. Bugun Senegal – Benin uchrashuvi bilan chorak final o‘yinlariga start beriladi.

E’tiborlisi, musobaqaning eng sovrindor jamoasi bo‘lmish Misr (ular musobaqada 7ta titulga ega chiqishgan) termasi buyog‘iga bahslarni tomoshabinlar qatorida kuzatishga majbur. So‘nggi yillarda Afrika futbolining haqiqiy yetakchisiga aylangan va dunyo yulduzlari bilan bir qatorda tilga olinayotgan Muhammad Saloh ham o‘z vatanida o‘tkayotgan musobaqada terma jamoasini g‘oliblik sari yetaklab kelishga ojizlik qildi.

Fir’avnlarning muvaffaqiyatsizligini Afrika Millatlar kubogida g‘alaba qozonish borasida Misrdan keyingi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega Kamerun (5 marta g‘olib bo‘lgan) hamda Gana (4) terma jamoalari ham davom ettirishdi va ular ham muddatidan oldin musobaqadagi ishtirokini yakunlashdi.

Ayni paytda kurashni davom ettirayotgan chorak final ishtirokchilari orasida Senegal (ularda Sadio Mane singari yetakchi bor), Nigeriya, Jazoir va Tunis termalarining imkoniyati yuqori baholanmoqda. Biroq, futbolda “maydon tekis, to‘p dumaloq”, degan ibora bor. Shunday ekan, hali musobaqada syurprizlar davom etishi mumkin.

Afrika Millatlar kubogi-2019ning ¼ final o‘yinlari taqvimi:

10 iyul
Senegal – Benin

11 iyul
Nigeriya – JAR
Kot-d`Ivuar – Jazoir

12 iyul
Madagaskar – Tunis
Musobaqaning yarim final o‘yinlari 14-15 iyulga, hal qiluvchi final bahsi esa 20 iyulga belgilangan.

O‘zA
563