Sport

Sport va go‘zallik bayrami

O‘zA, N.Usmonova, 07.09.2010 19:27

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlar salomatligini yanada yaxshilash, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 13-15 sentabr kunlari poytaxtimizda “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkaziladigan an’anaviy Respublika ayollar sport festivali hamda Respublika gimnastrada festivali buning yana bir amaliy ifodasidir.

Mazkur sport bayrami oldidan poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumaniga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, sport murabbiylari, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, mahalla raislarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari taklif etildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari G.Ma’rufova, Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Komilov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini yanada yuksaltirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ayollar, ayniqsa, qizlarni sportga keng jalb qilish, oilaviy sportni rivojlantirish maqsadida turli spartakiada, festival va marafonlar o‘tkazilib, bir qator sog‘lomlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Barkamol avlod yilida bu yo‘nalishdagi ezgu ishlar ko‘lami yanada kengaydi.

Joriy yilda “Ayol sog‘lom bo‘lsa, avlod sog‘lomdir” shiori ostida o‘tkaziladigan V Respublika ayollar sport festivali hamda IV Respublika gimnastrada festivali xotin-qizlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, ularning jismoniy tarbiya orqali o‘z salomatligiga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Festival O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligi, “Vatanparvar” tashkiloti, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi kabi tashkilotlar hamkorligida o‘tkaziladi.

Qatnashchilarning aksariyati uy bekalari, turli korxona va tashkilotlarning ishchi va xizmatchilari, oddiy ayollardir. Ular musobaqada voleybol, yengil atletika, stol tennisi, shaxmat, darts, suzish, gimnastrada kabi sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan vakillar ishtirok etadigan bellashuvlar “O‘zbekiston” sport sog‘lomlashtirish majmui va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining sport majmuasida bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida turli ma’rifiy uchrashuvlar, konsertlar, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama