Sport

Tennischilarimizning bayram sovg‘asi

O‘zA, Z.Toshxo‘jayev, 29.08.2010 17:13

Rossiyaning Sochi shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan tennis bo‘yicha o‘tkazilgan “Fyuchers” turkumidagi xalqaro turnirning juftlik bellashuvlarida hamyurtimiz Vadim Kutsenkoning g‘alabasi mamlakatimiz mustaqilligining 19 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Mezbonlar vakili Ervand Gasparyan bilan hamkorlikda o‘ynagan hamyurtimiz finalgacha rossiyalik sportchilar – Aleksey Filenkov va Stanislav Vovkni 6:4, 6:4, Araik Arutunyan va Andemir Karanashevni 6:2, 6:4, birinchi raqamda saralangan Mixail Fufigin va Vitaliy Reshetnikov duetini 6:2, 6:4 hisobida yengib, finalga yo‘llanma oldi.

Vadim Kutsenko va Ervand Gasparyan juftligi hal qiluvchi bahsda mezbon tennischilar – Sergey Krotyuk va Aleksandr Lobkovdan 6:4, 5:7, 10:8 hisobida ustun kelib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi tennischisi Denis Istomin AQSHning Nyu-Xeyven shahrida o‘tkazilgan “Pilot Pen Tennis at Yalle” xalqaro turnirida muvaffaqiyatli qatnashib, o‘z faoliyati davomida ilk marotaba Professional tennischilar uyushmasi (ATR) taqvimidagi musobaqaning final uchrashuvida kortga chiqdi.

Mazkur turnirni ikkinchi davradan boshlagan hamyurtimiz germaniyalik Benjamin Bekkerni 7:6, 6:3, slovakiyalik Lukash Latskoni 6:2, 2:6, 6:3, rossiyalik Teymuraz Gabashvilini 6:3, 3:6, 7:6, serbiyalik Viktor Troitskini 7:6, 3:6, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bellashuvda ukrainalik Sergey Staxovskiyga 6:3, 3:6, 4:6 hisobida imkoniyatni boy bergan Denis ikkinchi o‘ringa atalgan sovrin va muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.

Nyu-Xeyvendagi xalqaro turnir Denis Istomin uchun tennis olamining eng nufuzli to‘rt musobaqasidan biri – 30 avgust – 12 sentabr kunlari Nyu-York shahrida o‘tadigan AQSH ochiq chempionatiga tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tadi. “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi mazkur turnirning dastlabki davrasida D.Istomin argentinalik Maksimo Gonsalezga qarshi kortga chiqadi.

AQSH ochiq chempionatining xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Oqgul Omonmurodova saralash uchrashuvlarida Dia Yevtimovani (Bolgariya) 6:1, 6:4, Ryoko Fudani (Yaponiya) 6:3, 6:3, Valeriya Tetreaultni (Kanada) 6:4, 6:3 hisobida yengdi. Endi iste’dodli tennischimiz asosiy to‘rning birinchi bosqichida Janubiy Afrika Respublikasi vakili Shanell Shipperz bilan raqobatlashadi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama