Sport

Yosh iste’dodlar ko‘rigi

O‘zA, Z.Toshxo‘jayev, 29.08.2010 17:06

Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining 19 yilligiga bag‘ishlab bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat turnirida 150 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz ikki guruhga bo‘lingan holda sovrinli o‘rinlar uchun dona surdi.

Musobaqa qoidasiga ko‘ra, “A” guruhida respublika reytingiga ega, mamlakatimizdagi turnirlarda tajriba orttirgan 70 nafardan ziyod yosh sportchi qatnashdi. To‘qqiz turdan iborat musobaqada Aram Kasparov g‘olib chiqdi. 12 yoshli iste’dodli shaxmatchimiz olti partiyada raqiblarini mot qildi, uch uchrashuvda durangga rozilik berdi va yetti yarim ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Qolgan sovrinli o‘rinlarga egalik qilgan O‘lmasbek Hakimov hamda Odil Rahmon ham yetti yarimtadan ochko jamg‘ardi. Lekin ular turnir davomida bittadan partiyada mag‘lubiyatga uchragani bois qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Aram Kasparovdan ortda qoldi.

Shaxmat bilan endigina shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlardan tarkib topgan “V” guruhi bellashuvlari muxlisu mutaxassislar uchun yangi iste’dod sohibasi – Muxlisa Sanaqulovani kashf qildi. Oltmishdan ziyod shaxmatchi qatnashgan turnir davomida 9 yoshli Muxlisa ketma-ket sakkiz uchrashuvda Shahin Uvays Bozankaya, Elvira Aktirina, Ruben Arushanov, Yuliya Xegay, Saidamir Tohirxo‘jayev, Kamol Mirzayev, Sherzod Toirov, Islombek Nurmuhammedovni mot qildi. So‘nggi tur oldidan sakkiz ochko bilan chempionlikni naqd qilgan Muxlisa oxirgi partiyada Amir Rasulovdan mag‘lub bo‘ldi.

Peshqadamning ochko yo‘qotishidan unumli foydalangan Saidamir Tohirxo‘jayev Akmal Rahimovni yengib, ochkolar hisobida M.Sanaqulovaga yetib oldi. Biroq S.Tohirxo‘jayev beshinchi turda Muxlisadan yengilgani uchun turnirni ikkinchi o‘rinda yakunladi. Chempiondan ochko olgan yagona shaxmatchi Amir Rasulov esa yetti ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama