Sport

Birinchi davraning qoldirilgan o‘yinlari

O‘zA, Zohir Toshxo‘jayev, 29.07.2010 16:41

Toshkent va Andijonda futbol bo‘yicha O‘zbekiston XIX milliy chempionati oliy ligasida birinchi davraning qoldirilgan uchrashuvlari o‘tkazildi.

Chempionlik unvonini munosib himoya qilayotgan “Bundyokor” futbolchilari 5-turning muddati kechiktirilgan o‘yinida “Nasaf” (Qarshi) jamoasini qabul qildi. Yetakchi jamoalarimizning bahsi murosasiz o‘tishi kutilgandi. Lekin qashqadaryolik charm to‘p ustalari poytaxtliklarga yetarlicha qarshilik ko‘rsata olmadi.

Birinchi bo‘limda “Bunyodkor” vakillaridan Viktor Karpenko va Denilson “Nasaf” darvozasiga to‘p kiritdi. Hisobda oldinga o‘tib olgan toshkentliklar o‘yinning ikkinchi yarmida hujumni yanada kuchaytirdi va Stevitsa Ristich ketma-ket uchta to‘p kiritib, jamoasining 5:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. Bu g‘alabadan so‘ng Mirjalol Qosimov shogirdlari 35 ochko bilan peshqadamlik mavqeini mustahkamlab oldi. Hozircha 24 ochko to‘plab, uchinchi o‘rinda borayotgan “Nasaf” o‘zidan bir pog‘ona yuqorida turgan “Paxtakor”ga yaqinlashish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi.

“Andijon” jamoasi esa 13-turning qoldirilgan uchrashuvida “Neftchi” (Farg‘ona) bilan raqobatlashdi. Vodiy “derbi”si ancha keskin kurashlar ostida o‘tdi. Farg‘onaliklar mezbonlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi. Shuhrat Mirholdirshoyevning aniq zarbasi “Andijon”ga 1:0 hisobida g‘alaba keltirdi. Navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritgan andijonliklar 14 ochko bilan to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, “Neftchi” o‘n ikkinchi pog‘onaga tushib ketdi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama