Sport

Qiziqarli uchrashuv

O‘zA, Bayram Aytmurodov, 26.07.2010 17:32

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashida O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Irmatov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Kamolot” YOIH Toshkent shahar bo‘limi va Respublika bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahar filiali tomonidan tashkil etilgan tadbirda “Kamolot” iqtidorli yoshlar maktabi, bolalar va o‘smirlar sport maktablari tarbiyalanuvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev, O‘zbekiston futbol federatsiyasi terma jamoalari markazi direktori A.Tolibjonov mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirish, yoshlarni futbolga keng jalb etish, ularning mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun yetarli sharoitlar yaratish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Bunday e’tibor samarasida hamyurtimiz R.Irmatov Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi – FIFA tomonidan Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tgan XIX jahon chempionati uchrashuvlarini boshqarish uchun taklif etildi. Musobaqa davomida R.Irmatov va uning yordamchilari – hamyurtimiz R.Ilyosov va qirg‘izistonlik B.Qo‘chqorov eng ko‘p – beshta uchrashuvni boshqardi. Ayniqsa, o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi jahon chempionatidagi ilk uchrashuv – Janubiy Afrika Respublikasi va Meksika terma jamoalari o‘yinini boshqargani muhim voqea bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 20 iyuldagi farmonlariga binoan o‘zbek futbolining shuhratini jahonga tanitish, xalqaro maydonda uning nufuzini yuksaltirishda ibrat va namuna ko‘rsatgani, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Ravshan Irmatov “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, Rafael Ilyosov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

– Futbol olamining eng nufuzli musobaqasi – jahon chempionatida O‘zbekiston nomidan qatnashganimizdan faxrlanamiz, – dedi R.Irmatov. – Uchrashuvlarni xatosiz boshqarishimizda xalqimiz, minglab o‘zbekistonlik futbol muxlislarining ishonchini oqlash mas’uliyati bizga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.

Tadbirda qatnashgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama