Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 15:55 Chop etish versiyasi

Zamonaviy texnologiyalar amaliyotga

Zamonaviy texnologiyalar amaliyotga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyati filiali faoliyatidan aholi juda mamnun.

Mazkur shifoxonada 3 milliard 200 million so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Shifo maskani majmuasi butunlay yangicha, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Shifoxonada, jumladan, 120 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika bo‘limida bemorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Zamonaviy tibbiyot uskuna va vositalari xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirga xizmat qilmoqda.

Raqamli mammograf, mikrotom, mikroskop, duodenofibroskop, kolonofibroskop, bronxofibroskop, tibbiy muzlatgich, Siemens multispiral komputer tomografi, yuqori chastotali elektrokoagulyator apparatlari tashxislash va davolash ishlariga qo‘l kelmoqda. Bu yerda ilmiy-tadqiqot olib borish imkoniyati ham kengaydi. Shuning uchun muassasaga o‘tgan yili Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyati filiali maqomi berildi.

“Ayollar reproduktiv tizimi organlarida xavfli o‘sma kasalliklari profilaktikasi, erta aniqlash va davolash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning 2017 yil 27-28-oktabr kunlari Namanganda o‘tkazilgani ham viloyatda onkologik tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shuningdek, Rossiya, Hindiston, Janubiy Koreya va Daniya mamlakatlarining shifokor-olimlari, onkolog-jarrohlari ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi. Anjuman doirasida bir necha bemorlar bilan murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Mahalliy mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashildi.

3.jpg

– Prezidentimizning 2017-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishda yangi istiqbollarni ochdi, – deydi filial bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Sh.Hotamov. – Bundan kutilgan maqsad ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimini yanada shakllantirish, profilaktika va kasalliklarni barvaqt aniqlash choralarini takomillashtirish, aholiga, shu jumladan, mintaqalarda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning natijadorligi, sifati va undan foydalanish darajasini tubdan oshirishdan iboratdir. Ayni paytda mazkur qaror asosida sohani takomillashtirish borasidagi ilmiy-amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.

2017-2021 yillarda viloyatda onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish dasturi asosida xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit va grantlari hamda boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish tadbirlari ham o‘z samarasini berayotir.

Filialga 2017-yilda Yaponiya granti asosida qiymati 100 ming dollar bo‘lgan eng zamonaviy Fuji mammografi uskunasi o‘rnatildi. Mazkur apparat ayollar sut bezidagi saraton kasalligini yuqori darajali aniqlikda ko‘rsatib berish imkoniyatiga ega. Shuningdek, BMT granti asosida qiymati 1 million 500 ming dollorlik nurlantiruvchi apparatlar ham keltirildi.

Bugungi kunda 140 o‘rinli mazkur shifo maskanida qirqdan ziyod shifokor va yuzga yaqin o‘rta tibbiyot xodimi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Filialning poliklinika bo‘limi 120 qatnovga ega. Darvoqe, poliklinika xususida gap ketganda bu boradagi muammoni ham aytib o‘tish joiz. U shifoxona asosiy korpusining birinchi qavatida joylashgan. Yuqori qavatlarda esa statsionar-klinik bo‘limlar faoliyat ko‘rsatadi. 120 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikada bugungi kunda 200-250 bemor qabul qilinayotgani bu yerda noqulayliklar tug‘dirmoqda. Asosiysi, mazkur shifo maskaniga qo‘yilgan tibbiy-sanitariya talablariga ko‘ra, poliklinika va statsionar davolanish bo‘limlari alohida binolarda bo‘lishi kerak.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
7 225