Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 18:14 Chop etish versiyasi

Zamonaviy psixologiyaning dolzarb masalalari

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab "XXI asr psixologiyasi: istiqbol va muammolar" mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Universitet ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, siyosatshunoslik fanlari doktori A.Mo‘minov, psixologiya fanlari doktori, professor G‘.Shoumarov va boshqalar mamlakatimiz ta’lim sohasidagi islohotlar har jihatdan sog‘lom va barkamol shaxsni voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqning orzu-umidlariga ko‘makdosh bo‘lish, og‘irini yengil qilish, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoyalash borasidagi amaliy sa’y-harakatlar xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bugungi kunda kam ta’minlangan, ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish, yosh oilalarni ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, oilaviy ajrimlarga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarga mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari bilan birga psixolog-mutaxassislar ham hissa qo‘shmoqda.

Mamlakatimizda ushbu soha mutaxassislari O‘zbekiston Milliy universiteti hamda pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlarida tayyorlanadi. Maktabgacha ta’lim maskanlari, umumta’lim maktablari, kollej va litseylar, oliy ta’lim dargohlari, Mehribonlik uylarida psixolog xizmatining keng yo‘lga qo‘yilgani yosh avlodning qobiliyati darajasini aniqlash, ularni kasbga yo‘naltirish, jamiyatga ijtimoiy moslashuviga yaqindan ko‘maklashish imkonini berayotgan bo‘lsa, tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan psixologlar bemorlarga ruhiy-ma’naviy dalda bermoqda. Ayni paytda psixologiyaning turli sohalari bo‘yicha oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

– Bugungi tezkor davr shaxs oldiga turli dolzarb masalalarni qo‘ymoqdaki, ularni oqilona hal etishda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan psixologlarning xizmati katta, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Hasanboy Abdusamatov. – Anjumanda turli jabhalar uchun psixolog kadrlar tayyorlashga oid yangi taklif va tavsiyalar bildirildi.

Anjumanda O‘zbekistonda ijtimoiy-psixologik dolzarb masalalar, XXI asr psixologiyasi istiqbollari, sotsial psixologiyada muloqot, stressni boshqarish nazariyasi, sport psixologiyasi ixtisosligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
438






Все о погоде - Pogoda.uz