Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.12.2017 19:23 Chop etish versiyasi

Yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish bizga yarashmaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mazkur sohada qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni ta’kidlash bilan bir qatorda istiqboldagi dolzarb vazifalarga ham alohida to‘xtaldi.

O‘zA muxbiri bir guruh fermerlar bilan mamlakatimizda birinchi marta nishonlangan qishloq xo‘jaligi xodimlarining kasb bayrami taassurotlari, soha vakillari oldiga qo‘yilayotgan dolzarb vazifalar haqida suhbatlashdi:

Zaynab Haydarova, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Mehnat-rohat” fermer xo‘jaligi rahbari:


– Mamlakatimizda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilandi. Bunday katta e’tibor ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Bayram munosabati bilan sohada o‘ziga xos maktab yaratgan, zamonaviy innovatsion ishlanmalardan, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanayotgan fidoyi yurtdoshlarimizdan bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Kamtarona mehnatim yuksak baholanib, menga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor” unvoni berildi.

Tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqini diqqat bilan tingladik. Davlatimiz rahbarining biz, qishloq xo‘jaligi xodimlariga qarata “Sizlarni qalbimga, yuragimga yaqin va aziz insonlar, deb bilaman”, degan so‘zlaridan to‘lqinlanib ketdik. Biz, mulk egalari Prezidentimizning e’tibor va g‘amxo‘rligini doimo his etmoqdamiz. Bizga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar bois sohada ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, fermer xo‘jaligimiz jamoasining fidokorona mehnati tufayli dasht yerlardagi paxta maydonlarining har gektaridan 45 sentnerdan paxta yetishtirdik, pilla, g‘alla, sabzavot yetishtirish, chorva boqishda ijobiy natijalarga erishmoqdamiz, sutni qayta ishlash sexini ishga tushirish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib bormoqdamiz. Prezidentimiz nutqi istiqboldagi faoliyatimiz uchun dasturilamal bo‘ladi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Botir Rahimov, “Amu-Qashqadaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i:


– Bu bayram unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Davlatimiz rahbari qo‘lidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” unvonini qabul qilib oldim. Bu butun Qashqadaryo irrigatorlariga bildirilgan ishonch, deb hisoblayman. Yig‘ilishda soha rivojiga qaratilgan qator ustuvor vazifalar belgilab berildi. Darhaqiqat, Prezidentimiz nutqida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi ko‘payib, yerga va suvga bo‘lgan talab ortmoqda.

Shu bois suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Suv omborlari tarmog‘ini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni o‘zlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yer resurslaridan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahsulot hajmini oshirishga xizmat qiladi. Biz ham sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, yerlarning unumdorligini oshirishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Lola Murotova, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi "Nurli obod" fermer xo‘jaligi boshlig‘i:


– Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, "Qishloq xo‘jaligi sohasida nomiga, ko‘zbo‘yamachilik bilan ish yuritib, natijaga erishib bo‘lmaydi". Bu ayni haqiqat. Negaki, agar shunday qilinsa hosil yig‘im-terimida g‘alvir suvdan olinib, hammasi yuzaga chiqadi. Yerni boqsangiz, u sizni uyaltirmaydi. Agarda unga e’tiborsiz bo‘lsak, qo‘limiz quruq qoladi. O‘zimdan qiyos: necha yillardan buyon Markaziy Farg‘ona cho‘lida mehnat qilib, paxta va g‘alladan mo‘l hosil yetishtirmoqdamiz. Bu hududlarda 320 gektardan ziyod maydonda g‘alla, 123 gektarda paxta parvarishlab, ko‘ngildagidek hosil olish oson emas, albatta. Ammo tinimsiz, unumli va oqilona mehnatimiz evaziga bunga erishmoqdamiz.

Qishloq xo‘jaligi xodimlari bayrami munosabati bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandim. Davlatimiz rahbarining qo‘lidan bu mukofotni olganimdan, kamtarona mehnatim Prezidentimiz tomonidan shunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rilganidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Sobiq tuzum davrida bir umr dalada ishlaganimiz bilan kosamiz oqarmasdi. Bugun fermer – yerning egasi, daromadidan mashina olayotir, uy qurayotir, xayr-saxovat ishlariga hissa qo‘shayotir. Bugun mehnat qilganning uyi donga, qalbi shodlikka to‘lmoqda. Bunday ishonchga biz ham o‘zimizning munosib mehnatimiz bilan javob beramiz. Yurtimiz gullab-yashnashi, qishloq xo‘jaligi rivojiga hissamizni qo‘shamiz.

Jumaxol Choriyeva, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Boysun terakli” fermer xo‘jaligi pillachisi:


– Bayram munosabati bilan poytaxtimizga kelib, qator diqqatga sazovor joylarda bo‘ldik. Muzeylar, teatrlarga bordik, baliqchilik, yilqichilik xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdik. Ayniqsa, Milliy liboslar galereyasida bo‘lib, ipak tolasidan tayyorlangan turli xildagi mahsulotlarni ko‘rdik va shunday go‘zallikni yaratishda biz, pillachilarning ham hissamiz borligidan quvondik. Men 35 yildan buyon shu sohada mehnat qilib, har quti ipak qurtidan 70-80 kilogrammdan oshirib hosil yetishtirishga erishmoqdaman.

Bu yil pilladan hosil olishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ko‘magida birinchi marta pilladan yiliga ikki marta hosil olish tajribasini sinovdan o‘tkazdik. Bunday usulda tut bargi 30 foiz tejalishiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, bir oy pilla boqqanlarga bir yillik ish staji yozilishi to‘g‘risidagi xabar mahallamiz ahlining pilachilik bilan shug‘ullanishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Kamtarona mehnatim uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganim hayotimdagi unutilmas voqea bo‘ldi. Bu kunlarga yetganim, Prezidentimizning menga bo‘lgan ishonchi, e’zozidan, oddiy qishloq ayolining mehnati shu qadar yuksak qadrlanganidan baxtiyorman.

Muhammad Toshboltayev, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:


– Har bir mulk egasi yil oxirida foyda bilan chiqishi kerak. Buning uchun xarajatlarni kamaytirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish kerak bo‘ladi. Bunday yutuqqa erishishning qator omillari bo‘lib, ulardan biri – bu zamonaviy texnika vositalaridir. Misol uchun, yerlarni ekishga tayyorlashda 4 xil texnikadan foydalaniladi. Biri kesakni maydalaydi, boshqasi tuproq yumshatadi, yana biri yerni haydaydi. Bugun fermerlarga ana shu agrotexnik tadbirlarni daladan bir o‘tishda bajaradigan texnologiyalar taklif etilmoqda.

Institutimizda paxta, g‘alla, sabzavotlar ekishga mo‘ljallangan texnikalarning takomillashtirilgan turlari ishlab chiqilgan. Bu jarayonda bitta texnikadan barcha qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishda foydalanish mumkin. Hozir bu ishlanmalar zavodlarga topshirilgan bo‘lib, ular buyurtma asosida fermerga yetkazib beriladi.

Davlatimiz rahbari yerdan samarali foydalanish maqsadida chigitni «oltmishlik» sxemasida ekish va bu borada kerakli texnikalarni yanada takomillashtirish topshirig‘ini berdilar. Biz ilmga asoslangan ana shunday qishloq xo‘jaligi texnikalarini mulk egalariga yetkazib berish bilan bu topshiriqqa "labbay", deb javob beramiz.

Kamtarona mehnatim qadrlanib, “Mehnat shuhrati” ordeniga munosib ko‘rgani uchun davlatimiz rahbaridan samimiy minnatdorman. Bu ishonch kuchimizga kuch qo‘shmoqda. Davlat, el-yurt ishonchi insonni eng qudratli ishlarga chorlaydi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, "Yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish, xotirjamlikka berilish bizga yarashmaydi".

Sayyora Shoyeva, O‘zA
6 675