Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.11.2017 17:43 Chop etish versiyasi

Yuridik xizmat ko‘rsatish sohasidagi islohotlar

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida "Yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish: notariat sohasidagi islohotlar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Adliya vazirligining mas’ul xodimlari, notarial idoralar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etgan anjumanda mamlakatimizda aholiga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish, xalqimizning huquqiy axborotdan xabardorligini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham notariat tizimini isloh etish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida notariat institutini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Matbuot anjumanida farmon loyihasi haqida ma’lumot berildi. Xususan, loyihada jismoniy va yuridik shaxslarga kompleks notarial xizmatlar ko‘rsatuvchi notariatning faol modeliga o‘tish, sohani malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, notarial xizmatlar ko‘rsatishda ochiqlikni ta’minlash, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish belgilangan. Bundan tashqari, notariuslarning mulkiy javobgarligini oshirish maqsadida faoliyatni sug‘urtalash hamda ularning o‘zini-o‘zi boshqaruvchi organi sifatida Notarial palatani tashkil etish masalalari ko‘zda tutilgan.

Adliya vazirligi tomonidan notarial harakatlar turlari tahlil qilinib, davlat tashkilotlari va idoralar tomonidan hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxalarini talab qilinishini cheklovchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qarorning tasdiqlanishi notarial idoralardagi navbat kutish holatlarining 30-40 foizga kamayishiga va notarial xizmat ko‘rsatish tezkorligining oshishiga xizmat qiladi.

Anjumanda vazirlik va hududiy adliya organlari tomonidan notarial idoralar xodimlarining faoliyati davomida mehnat intizomi va kasb etikasi qoidalariga rioya etishi, ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini o‘rganib borish yuzasidan o‘tkaziladigan jamoatchilik nazorati tadbirlari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi.

Matbuot anjumanida notariat sohasini takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan islohotlar, bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 348






Все о погоде - Pogoda.uz