Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 18:15 Chop etish versiyasi

Yunusobodda ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘quv seminar tashkil etildi

Poytaxtimizning Yunusobod tumani hokimligida mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlariga bag‘ishlangan o‘quv seminar tashkil etildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar tumanlari hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarning ijro apparatlari xodimlari, mahallalar raislari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, ma’rifat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha komissiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan ustuvor vazifalarga asosan mahallalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh avlod tarbiyasi va ularni milliy an’analarga sodiq bo‘lishni o‘rgatishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirish muhim omillardan ekani ta’kidlandi.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Hamkorlik doirasida o‘tkazilayotgan seminardan ko‘zlangan maqsad markazning joylardagi tuzilmalari bilan mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar o‘rtasidagi hamjihatlikni oshirish, fuqarolar yig‘inlarida ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishdir.

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada jonlantirishda mutasaddilar oldida turgan dolzarb vazifalar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab berdi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi bo‘lim boshlig‘i Saodat Boymirzayeva. – Ayniqsa, bunda mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa hamkor tashkilotlar birdamligi asosida aholi va navqiron avlodning ma’naviy-ma’rifiy dunyosini boyitish, huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, ular qalbiga ezgulik, vatanparvarlik tuyg‘usini singdirish orqali g‘oyaviy immunitetini mustahkamlash dolzarb masalalardandir.

Ceminarda qayd etilganidek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan uning boshlang‘ich tashkiloti sifatida mahallalardagi ma’rifat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha komissiyalar bilan hamkorlikni ta’minlash, faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha vertikal tizimni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, mahallalarda «Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona» degan maqolning ahamiyatini oshirish, «O‘z bolangni o‘zing asra!» degan da’vatni amaliy harakatga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar (jinoyatchilik, notinch oilalar, oilaviy ajralishlar)ni sodir etish sabablaridan kelib chiqib, ularning oldini olishga yo‘naltirilgan aniq mavzudagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish ishlariga mahallalardagi ko‘chaboshilar (qishloqboshi, ko‘p qavatli uy boshliqlari) hamda fuqarolar vakillarini keng jalb etish bo‘yicha ishtirokchilarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.

Yakunda seminar qatnashchilari mavzu doirasida savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
1 006






Все о погоде - Pogoda.uz