Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 12:04 Chop etish versiyasi

Yulduzlar to‘qnashgan tun

«Ilmi nujumda ikki sharofatli sayyora – Zuhal va Mushtariyning bir-biriga yaqinlashuvi davrida, ya’ni baxt-saodat alomati deb hisoblanuvchi «qiron burji» ostida tug‘ilgan sharofatli inson Sohibqiron ataladi.

Yaratganning irodasi bilan yulduzlar harakatidagi bu holat har sakkiz yuz yilda bir kelur. «Qiron burji» ostida tug‘ilganlarning uchinchisi Amir Temurdir».

Amir Temur shaxsi xususida so‘z ketganda, xayolimdan mana shu ma’lumot lip etib o‘taveradi... Taajjubki, u zotning fe’l-tabiati, shaxsiyati borasidagi fikrlar, qarashlar, tadqiqotlar ikki yulduz singari to‘qnashaveradi. Mana, necha asrdirki, dunyo ilm ahli Sohibqiron hodisasi haqida bir to‘xtamga kelolgan emas. Buyukligini anglaganimiz sari murakkab shaxs ekaniga ham amin bo‘lib boraveramiz.

Sohibqiron bobomizga zamondosh bo‘lgan arab tarixchisi Ibn Arabshohning ta’rifiga ko‘ra, bobokalonimiz tengi yo‘q fe’l-atvorli, teran mulohazali, vazmin bo‘lgan. «U hazil-mazax, yolg‘onni yoqtirmas, o‘yin-kulgiyu ko‘ngilxushlikka maylsiz, garchi so‘zidan ozor yetsa ham, sadoqat qilganlarni yoqtirardi; u bo‘lib o‘tgan ishga aziyat chekmas va o‘ziga hosil bo‘ladigan yutuqdan shodlanmas edi... Ko‘pincha uning majlisida uyatsiz so‘zlar, qon to‘kish, asir olish, naqbu g‘orat qilish va haqorat gaplar bo‘lmasdi. U bexato (nishonga urguvchi) fikrli, farosatli, mislsiz darajada baxtli, ulug‘vorligi o‘ziga muvofiq, qat’iy azm bilan so‘zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo‘y kishi edi...", deb yozadi.

Zamonlar osha Sohibqironning tarjimai holiga, hukmdorlik, bunyodkorlik va sarkardalik faoliyatiga qiziqish ortsa ortmoqdaki, aslo kamaygan emas. Hozirgacha Amir Temur haqida Yevropada 500 dan ortiq ilmiy asarlar yaratilganligi ma’lum. Faoliyati davrida butun Turon o‘lkasini birlashtirgan zot endilikda ilmu ijod ahlini «yakqalam» qilib kelayotir. Zotan, ingliz dramaturgi Kristofer Marlo, italiyalik olima Magda Pedache, mashhur nemis kompozitori Georg Gendelni uchrashtirgan makon – Amir Temur shaxsidir.

Sohibqiron timsolining G‘arbda kuch-qudratli, imon-e’tiqodli, mehr-oqibatli va yuksak madaniyatli buyuk shaxs sifatida ijobiy talqin qilinishi, nafaqat buyuk sarkarda, adolatli hukmdor, balki oddiy inson sifatidagi o‘y-kechinmalarini anglashga urinishlar, ayniqsa, diqqatga sazovor. Edgar Po qalamiga mansub «Temirbek» dostonida yengilmas insonning qalbini ko‘rgandek, iztirobu mag‘lubiyatlar alami uning ham vujudini kuydirganini his etgandek bo‘lamiz.

Yaratgan siylagan, suygan bandaning o‘z-o‘zini taftish qilmasligi, mudom ziddiyatlar ichida bo‘lmasligi dushvor. Yo‘qsa, bir zamonlar zolim podsho tamg‘asi bosilgan Amir Temurning «Xalq kufrga chidashi mumkin, zulmga toqat qilolmaydi», «G‘anim tomonidan qo‘limizga har qanday sipohiy asir bo‘lib tushsa, uni o‘ldirmasinlar. Unga ixtiyor berilsin. Agar navkarlikni qabul qilsa, navkar bo‘lsin; yo‘q desa, uni ozod etsinlar» yoki «Har qanday odam mening adolat devonimdan panoh topgan ekan, gunohi bo‘lsa ham, uni kechirsinlar. Ikkinchi, uchinchi marta yana gunoh yo‘liga kirsa, u holda gunohiga yarasha jazolasinlar» kabi tuzuklariga o‘zi amal qilmasligi amri mahol.

«Bilasizmi, meni hammadan ko‘ra nima ko‘proq hayratga soladi, – deb so‘ragan ekan bir donishmand suhbatdoshidan. – Zo‘ravonlik kuch-qudratining yaratuvchilikka qodir emasligi! Dunyoda faqat ikki hokim bor – qilich va aql-idrok. Oxir-oqibatda har doim aql-idrok qilich ustidan g‘alaba qozonadi». Amir Temurning aqli-zakovati qilichi ustidan hukmron bo‘lmaganida, dunyoning 27 mamlakatini musaxxar etolmas, mingdan ortiq janglarda zafar qucholmas edi.

Olti yuz sakson yildan oshibdiki, Amir Temur nomi tarix sahnasidan tushgani yo‘q, tushmaydi ham. Uning dunyoga kelib, dunyoga tortiq etganlari, qoldirgan mislsiz merosi nomini mangulikka qadab qo‘ygan. Ilm-fan, san’at-madaniyat, harb, din-shariat, me’morlik-bunyodkorlik ishlaridan necha-necha avlodlar faxr-iftixor tuyg‘usini tuyib yuribdi. Dillarida Sohibqironga havas va chuqur ixlos qo‘yganlari ham chin.

Mamlakat rahbarlari, siyosatdonlarning ish stolida hamisha davlat tuzilishi va saltanat yuritishga doir asarlar turgan. Shunday nodir asarlardan biri, shubhasiz, “Temur tuzuklari”dir. Bu tarixiy kitobdan mutaassir bo‘lmagan, faoliyati mobaynida tuzuklardan ulgi olmagan rahbar kam. Zamon va makon chegarasini bilmay, bizning davrimizgacha o‘z ahamiyati va o‘rnini yo‘qotmay kelayotgani, turmushimizda ro‘y berayotgan voqeliklarga hanuz mos tushayotgani asarning ta’sir kuchini yanada oshiradi.

Taraqqiyotimizning o‘zbek modelida ham, besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida ham “Tuzuklar”dagi ayrim jihatlar o‘z aksini topgan. Butun dunyoda tan olingan “O‘zbek modeli”dagi davlatning bosh islohotchi bo‘lishi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish tamoyillari Amir Temurning “Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi”, “Gunohkorga ham, begunohga ham rahm-shafqat bilan, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Fuqaro va qo‘l ostimdagilarga rahmdillik qildim. Zolimdan mazlumning haqqini oldim. Zolim yetkazgan moddiy va jismoniy zararlarni isbotlaganimdan keyin uni shariatga muvofiq ikkisi o‘rtasida muhokama qildim va bir gunohkorning o‘rniga boshqasiga jabr-zulm yetkazmadim” singari tuzuklariga monand keladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash kabi ko‘plab ezgu maqsadlar belgilangan. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidan ko‘zlangan maqsad ham davlatchiligimizni mustahkamlash, aholi farovonligini yanada oshirishdir.

Sohibqironning “Tuzuklar”idan dinu shariat, panoh istab kelganlar haqidagi tuzuk, mulku mamlakat, sipohu raiyat ahvolidan xabardor va ogoh bo‘lib turish tuzuki, raiyatdan mol-xiroj olish, mamlakatni tartibga keltirish va yuksaltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga oshirish masalalari ham o‘rin olgan.

Temuriylar davrida har bir shaharda “dorul omonat”, ya’ni “hukumat uyi”, “dorul adolat” – qozixonalar mavjud bo‘lgan. Har shahar va viloyatda qozi-sudyalar va muftiylar arizachilarni qabul qilib, sud ishlarini olib borgan. Bugungi kunda mamlakatimizning turli chekkalarida xalq bilan muloqot qilib, uning dard-u quvonchidan boxabar bo‘lish maqsadida tashkil etilgan muassasalar “xalq qabulxonalari” nomini oldi.

Ko‘rinadiki, Sohibqiron vorislari uning izidan bormoqdalar. Mamlakatni idora etishda adolat, bag‘rikenglik va haqqoniylikka amal qilishni faoliyatining bosh a’moli, deb bilgan rahbar, albatta, “Tuzuklar”ga murojaat qiladi. Zero, ajdodlarni e’zozlash nafaqat ular bilan g‘ururlanish, balki ularning ishlarini munosib, sidqidildan davom ettirishda zohir bo‘ladi.

Sevara Alijonova, O‘zA
1 521






Все о погоде - Pogoda.uz