Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 20:45 Chop etish versiyasi

Yulduzlar mangu porlaydi

Yulduzlar mangu porlaydi Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlarning porloq xotirasini xalqimiz hech qachon unutmaydi.

Farg‘ona shahridagi 25-umumta’lim maktabiga kiraverishida qad rostlagan Dilshod Asanov me’moriy yodgorligi poyi anvoyi gullarga burkandi. Vatan tinchligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan mard o‘g‘lonning mag‘rur qiyofasi timsolida u hamisha barhayot ekani, yillar o‘tgani sari yanada o‘ktam bo‘lib, ulg‘ayib borayotganini ko‘rish mumkin. Onasi qahramonning yuz-ko‘zlarini silab, “Mening o‘g‘lim o‘lmagan, uning mardonavor ruhi hozir biz bilan bir davrada kezib yurganiga ishonaman”, deydi g‘urur bilan davraga boqar ekan.

Mazkur memorial yodgorlikning ochilish marosimida Vatan himoyasi uchun jonini fido qilgan mard o‘g‘lon xotirasi yodga olindi. Unda viloyat hokimligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari, mehnat faxriylari, mahalla faollari, o‘quvchi-yoshlar hamda Dilshod Asanovning oila a’zolari, quroldosh do‘stlari va sinfdoshlari jam bo‘ldi.

Tadbirda xalqimiz yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan bu kabi mard o‘g‘lonlarini hech qachon unutmasligi ta’kidlandi.

6.JPG

– Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish ko‘plab yigitlarning orzusi bo‘lib kelgan, – deydi kapitan Sunnatillo Nabiyev. – Dilshodjon Asanov esa bu ezgu orzusiga o‘zining bilimi, intilishi bilan erishgan edi. U xizmat davomida harbiy ko‘nikmalarini oshirdi, o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsata oldi. Dilshodjon chin ma’noda ona yurtiga sodiq o‘g‘lon edi. Jang maydonlarida el tinchligi uchun kurashdi, dushmanlarning hamlasiga munosib to‘sqinlik qila oldi.

Bilim dargohida tashkil etilgan boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik sinflari o‘quvchilarining harbiy va jismoniy mashg‘ulotlar jarayonidagi mahorati, ona Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlar yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan olqishlandi. Yig‘ilganlar ta’lim maskanida maktabning sobiq o‘quvchisi, 2000 yili Surxondaryo viloyatida yurtimiz sarhadlariga bostirib kirgan yovlarga qarshi kurashda 25 yoshida halok bo‘lgan Dilshod Asanovga bag‘ishlab tashkil etilgan xotira burchagi bilan tanishdi.

3.JPG

– Dilshod bilan sinfdosh edik, – deydi 25-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nafisa Sobirova. – U bolaligidan kuchli, irodali bo‘lib ulg‘aydi. Shu bois o‘quvchilarimga bolalik do‘stim haqida ajoyib xotiralarimdan aytib beraman. Sinfdoshlar ham har ko‘rishganda Dilshodni esga olamiz.

U qisqa umri davomida o‘z qahramonligi tufayli yulduzdek shu’la sochib, tinch hayotimiz va buyuk kelajagimiz yo‘lini charog‘on etdi. Shu ma’noda, yulduzlar mangu porlaydi!

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
6 679